Iroqlik jurnalist Katanetsni tanqid qildi va O‘zbekiston terma jamoasining imkoniyatlarini baholadi
Ayni damda, Osiyo kubogi o‘zining eng qizg‘in pallasiga kirmoqda. Jurnalistlar uchun atalgan media markazda hamkasblarmizning terma jamoamiz haqidagi fikrlari bilan qiziqdik. Iroqning "SPORT" nashri jurnalisti Zayid Al Siraj bugungi O‘zbekiston futboli haqida yetarli ma’lumotga ega ekanligi hayron qoldirdi.
- O‘zbekiston terma jamoasi haqida qanday fikrdasiz? Murabbiy sizlar uchun yaxshi tanish?!
- Albatta, kuzatib boraman. Srechko Katanes bundan avval bizni terma jamoada faoliyat olib borgan. Uni ishqibozlar va mutaxassislar himoyaga katta urg‘u berishi va 5 himoyachi bilan to‘p surishini ko‘p tanqid qilgandi. Hozir Iroq terma jamoasi ancha hujumkor futbol namoyish etmoqda. Ishqibozlar bundan xursand.
- Bugungi O‘zbekiston terma jamoasi haqida fikringiz qanday?
- Ochig‘i, Eldor Shomurodovning yo‘qligi yaqqol ko‘zga tashlandi. Termangiz birinchi turda biroz muammolarga duch keldi. Sizlarga turnirda oson bo‘lmaydi. Shunga qaramay, men O‘zbekistonni eng kuchli jamoalardan biri sifatida bilaman.
- O‘zbekiston terma jamoasini grandlar qatorida ko‘rasizmi?
- Men uchun qit’amizda 4 ta favorit jamoa bor. Bular - Saudiya Arabistoni, Avstraliya, Yaponiya va Janubiy Koreya. Aynan ular grandlar deb ta’riflashga loyiq. O‘zbekiston aynan shu to‘rtlikda bo‘lishga harakat qilayotgan jamoa.
- Terma jamoamizni musobaqada yarim finalga qadar yetib borishiga ishonasizmi?
- Bu juda qiyin masala. Yuqorida sanab o‘tgan terma jamoalarim yarim final uchun asosiy da’vogar. Shunga qaramay, harakat qilib ko‘rish lozim, menimcha. Bu futbol va unda hamma narsa bo‘lishi mumkin.
- Nima deb o‘ylaysiz, qaysi terma jamoa uzoqroqqa boradi. O‘zbekiston yoki Iroq?
- Umid qilamanki, ikkisi ham yarim finalga qadar yetib boradi.