Osiyo kubogi uchinchi turidan o‘rin olgan Avstraliya va O‘zbekiston (1:1) terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin terma jamoamiz a’zosi Jaloliddin Masharipov o‘yin haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi.
- Qiyin bahs bo‘lishini bilgan edik. Avstraliya terma jamoasi darvozasiga hali gol ham urmagan edik. Guruh bosqichida mag‘lubiyatga uchramaslikni reja qilgandik. Bundanda yaxshiroq o‘ynay olamiz aslida.
- Hujum chizig‘imiz ikkinchi taymda to‘liq o‘zgardi. O‘zgarishlar ko‘proq hujum qilishimizga imkoniyat yaratib berdimi?
- Birinchi bo‘limning dastlabki o‘n daqiqasida raqib bizga bosim uyushtirdi. Ikkinchi bo‘limda esa biz raqibdan ustunroq bo‘ldik.
- Sariq kartochkalar soni ko‘payib ketmadimi?
- Bugungi uchrashuvda keraksiz sariq kartochkalar ishlab oldik. Otabek hakam bilan tortishgani uchun sariq kartochka oldi, ushbu holatni qayta takrorlamasligimiz kerak.
- F guruhidagi ikkinchi o‘rinni egallagan jamoa bilan nimchorak finalda to‘qnash kelamiz. Katta ehtimol bilan raqibimiz Tailand yoki O‘mon bo‘ladi. Qaysi raqib bizga qulayroq?
- Ular bizdan qo‘rqishsin. Biz O‘zbekistonmiz. Barcha raqiblarni hurmat qilamiz, ammo biz O‘zbekistonmiz va ular bizdan qo‘rqishi kerak.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring