Qatar mezbonlik qilayotgan Osiyo kubogining guruh bosqichidagi eng keskin va murosasiz bahslardan biri “V” guruhida Avstraliya va O‘zbekiston terma jamoalarining o‘zaro uchrashuvida kuzatildi.
Futbolchilarining aksariyat qismi Yevropaning kuchli ligalarida to‘p tepadigan avstraliyaliklar o‘z tarixida ilk bor Osiyo kubogining guruh bosqichini yuz foizlik natija bilan yakunlash ilinjida faqat g‘alaba uchun to‘p tepdi.
O‘zbekiston terma jamoasining ham “kengurular” bilan o‘ziga xos hisob-kitobi bor edi. Futbolchilarimiz bu raqib darvozasini ketma-ket to‘rtta uchrashuvdan beri biror marotaba ham ishg‘ol qilolmay kelayotgan edi.
Avstraliyaliklar esa, o‘z maqsadiga yetishiga juda yaqin keldi. Birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida terma jamoamiz darvozasiga shubhali penalti belgilandi.
Bu vaziyatda Odil Hamrobekov yiqilgan vaziyatni to‘p uning qo‘liga orqa tomondan tekkan edi. VAR tizimidagilar bilan uzoq maslahatlashgan va vaziyatni monitordan ko‘rgan hakam 11 metrlik belgini ko‘rsatdi. Martin Boyl nuqtadan adashmadi.
Ta’kidlash joizki, avstraliyaliklar uchrashuv davomida darvozamiz tomon sakkizta zarba yo‘lladi va faqat penaltidan tepilgan to‘p to‘rga borib tushdi.
Ikkinchi bo‘limda Srechko Katanes amalga oshirilgan taktik o‘zgarishlar 78-daqiqaga kelib o‘z samarasini berdi. Javob goli ishtirokchilari zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan futbolchilar bo‘ldi. Jamoa sardori Jaloliddin Masharipovning ajoyib uzatmasini Azizbek Turg‘unboyev boshi bilan darvozaga joyladi.
Shu tariqa, Azizbek Turg‘unboyev avstraliyaliklarning 651 daqiqa davom etgan golsiz seriyasiga nuqta yo‘qdi. Grem Arnold shogirdlari so‘nggi bor o‘tgan yilning oktyabr oyida Angliya terma jamoasi bilan bo‘lgan o‘yinda bittagina gol o‘tkazib yuborgan edi.
O‘sha uchrashuvdan keyin avstraliyaliklar qatorasiga oltita uchrashuvda mag‘lubiyatsiz o‘ynayotgan hamda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab, superseriya qayd etib kelayotgandi.
Avstraliyaning ggatravel.com.au sayti O‘zbekiston bilan bo‘lgan o‘yinda “kengurular”ning kamchiliklarini tahlil qilib berdi.
- “Sokkeroos” Osiyo kubogi guruh bosqichida birinchi o‘rinni egallab, pley-offga chiqqan bo‘lsa-da, jamoaning bo‘sh o‘yini va ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘la olmagani navbatdagi o‘yinlar oldidan xavotir uyg‘otmoqda.
Avstraliya terma jamoasiga kreativlik yetishmadi va buning oqibatida O‘zbekiston bilan ochko bo‘lishishiga to‘g‘ri keldi.
Martin Boyl 11 metrlik nuqtadan aniq zarba berdi, lekin hakamning penalti borasidagi qarori shubhali bo‘ldi va “oq bo‘rilar” uchun omadsiz keldi. Aynan mana shu urinish butun uchrashuv davomida raqib darvozasiga to‘g‘ri borgan yagona zarba bo‘ldi xolos.
O‘zbekistonning ikkinchi bo‘limda Azizbek Turg‘unovning goli evaziga haqqoniy tarzda hisobni tenglashtirdi va guruh bahslarida ikkinchi o‘rinni naqd qildi.
Grem Arnold jamoasi pley-off bosqichida shijoatliroq o‘ynamasa bo‘lmaydi. Hozirgi holatda natija ijobiy bo‘lmasligi mumkin, - deb yozdi ggatravel.com.au sayti.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring