16:46 / 27.01.2024
223

Jaloliddin Masharipov: "Hali ham chempionlikka da’vogarmiz"

Jaloliddin Masharipov: "Hali ham chempionlikka da’vogarmiz"
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogi nimchorak final bahslariga tayyorgarlikni boshlab yubordi. O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi Jaloliddin Masharipov milliy jamoaning bugungi mashg‘ulotlaridan oldin saytimizga intervyu berdi. Suhbat davomida Jaloliddin Masharipov terma jamoaning tayyorgarligi va keyingi raqibimiz bo‘lgan Tailand terma jamoasi haqida gapirdi.

- Jaloliddin, terma jamoaning tayyorgarligi qanday ketmoqda? Biroz tanaffusdan so‘ng yana mashg‘ulotlarga qaytdingiz. Orada keyingi bosqichdagi raqibimiz ham aniq bo‘ldi. Shu haqida fikringiz qanday?
- Tailandga qarshi o‘ynashimiz kecha aniq bo‘ldi. Avvalroq aytib o‘tkanimdek, bizga raqibning farqi yo‘q edi. Bundan buyog‘iga oson raqibning o‘zi qolmadi. Barcha jamoalar kuchli, har bir o‘yin finalga teng bo‘ladi. Kecha terma jamoa dam oldi, lekin har bir o‘yinchi ruhiy tomondan o‘zini tayyorladi.

- Tailand termasi haqida nima deya olasiz? Bu mamlakatda futbol o‘smoqda. Mahalliy chempionatga ko‘p legionerlar jalb qilinmoqda...
- Ko‘rgan bo‘lsangiz, Tailand Saudiya Arabistoni bilan durang o‘ynadi. Uchrashuv yaxshi bo‘ldi. Ularda mahalliy chempionat ham kuchaymoqda. Bundan buyog‘iga har bir o‘yin biz uchun final. Konsentratsiyani yo‘qotmagan holatda, raqibni hurmat qilib maydonga tushish kerak.

- Qur’a haqida fikringiz qanday? Agarda Tailand to‘sig‘idan o‘tsak, keyingi raqib mazbon Qatar termasi bo‘lishi mumkin. Kecha Saudiya Arabistoni mag‘lub bo‘lganda, ular bizga to‘qnash kelishlari mumkin edi...
- Biz hammani hurmat qilamiz. Qaysi raqibga to‘qnash kelishimizdan qat’iy nazar, faqat g‘alaba uchun o‘ynaymiz. Finalgacha borishni maqsad qilamiz. Kecha Saudiya Arabistoniga qarshi to‘qnash kelganimizda ham farqi yo‘q edi. Chunki yigitlarning barchasi tayyor. To‘g‘ri, bir necha muhim o‘yinchilarimiz jarohat olishdi, ammo ularga o‘rinbosarlar yetarli. Qo‘ldan kelgancha, eng yaxshi natijani qayd etishga harakat qilamiz.

- Jarohatlar haqida gapirdingiz, agarda ushbu yo‘qotishlar bo‘lmaganda, bundanda yaxshi o‘yin ko‘rsatib, chempionlikka da’vogar bo‘lishimiz mumkinmidi?
- Hali ham chempionlikka da’vogarmiz. To‘g‘ri, muhim o‘yinchilar jarohat olishdi. Lekin ularning o‘rnidagi futbolchilar ham yaxshi harakat qilishmoqda. E’tibor bersangiz, zaxiradan maydonga tushganlar o‘yinni har safar kuchaytirishmoqda. To‘g‘ri, Shomurodov, Aliqulov, Alijonov va Sergeyevlar tarkibda bo‘lganda yaxshiroq bo‘lardi, ammo biz hozir mavjud imkoniyatlarda ijobiy natija qayd etishimiz kerak.

- Jaloliddin, buyog‘iga pley-off bosqichi boshlanadi. Bu bosqichda ekstra taymlar yoki penaltilar seriyasi bo‘lishi mumkin. Jamoa bu bo‘yicha ishlashni boshlab yuborganmi?
- Bu jarayon endi boshlanadi. Mashg‘ulotlarda albatta bu jihatlar bo‘yicha ishlaymiz. Masalani iloji boricha 90 daqiqa ichida hal qilishga harakat qilamiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jaloliddin Masharipov: "Hali ham chempionlikka da’vogarmiz"