07:44 / 19.02.2024
302

"O‘zbekistonda vaqtim zoye ketmaganligiga amin bo‘ldim" - Kanchelskis

"O‘zbekistonda vaqtim zoye ketmaganligiga amin bo‘ldim" - Kanchelskis
Taniqli mutaxassis, “Navbahor”ning sobiq bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis bugungi kunda Qirg‘izistonning “Muras Yunayted” jamoasiga ustozlik qilayotganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Jamoasi bilan Andijondagi “Hokim Kubogi”da qatnashayotgan Andrey Antanasovich kuni kecha Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Siz “Muras Yunayted”ning yangi bosh murabbiyisiz. To‘g‘risi, buni kutmagandik...
- Men bunga qadar Qozog‘istonda bosh direktor bo‘lib ishlagandim. Qirg‘izistonning “Muras Yunayted” klubidan menga bosh murabbiylikka taklif bo‘ldi va buni bajonidi qabul qildim. Bu yerda yaxshi natijalar ko‘rsataman, deb umid qilaman. Biz oldimizda turgan vazifani bajarishga harakat qilamiz.

- Yangi klubingizdagi ishingizdan qoniqyapsizmi?
- Qachonki, belgilangan natijani ko‘rsata olganimizdan keyingina to‘liq qoniqaman. Bilasizmi, oldimizda juda jiddiy vazifa turibdi. Shu bois qachonki, natija ko‘rsatganimizdan so‘ng qoniqdim yoki qoniqmadim, deb aytishim mumkin. Oldimizda vaqt kam. Ammo biz ko‘p ishlashimiz kerak. Har doim oldinga intilishimiz kerak.

- Sobiq klubingiz “Navbahor” haqida so‘ramoqchiman. Kuzatib borayotgandirsiz...
- Kuni kecha “Navbahor”ning Osiyo Chempionlar ligasi doirasidagi “Al-Ittihod”ga qarshi o‘yinining ikkinchi bo‘limini ko‘rdim. Jamoada ko‘plab yangi o‘yinchilar va yangi strategiya borligi ko‘rinib turibdi. Biz ishlagan davrga nisbatan hozir moliyaviy tomondan ancha barqaror ekanligi bilinyapti. Ko‘plab imkoniyatlarga ega. Ularni oldida OCHL, O‘zbekiston chempionati o‘yinlari kutib turibdi. Har qanday holatda ham “Navbahor”ga salom aytaman va muxlislarga o‘z minnatdorchiligimni yetkazib qolaman. Chunki klubning ishqibozlari har doim qayg‘urishadi va qo‘llab-quvvatlashadi. Hozirgacha “Navbahor”ning ko‘plab muxlislari bilan gaplashib turaman. U yerda meni ko‘plab do‘stlarim bor. Jamoaga omad tilayman. Asosiysi, o‘yinchilar turli xil jarohatlarga yo‘liqishmasin. “Navbahor” futbolchilariga ham omad tilayman. Ularga yaxshi natijalar ko‘rsatishini tilab qolaman. Barcha belgilangan rejalar bajarilishini va natijalar ham shunga yarasha bo‘lishini xohlayman.

- O‘zbekiston chempionatini sog‘indingizmi?
- (Kuladi) Oshni juda sog‘indim. Xudo xohlasa, nasib qilsa yana ishlashimiz mumkin. Sizlarda ko‘p tanqidlar bo‘ldi, ko‘p gapirildi. Mana, endi natijasi! Maydonlar sifati endi juda yaxshi darajaga keldi. Bunday maydonlarda futbolchilar ham maza qilib o‘ynashadi. Agar yomon maydon bo‘lsa, bunday holatda jarohatlar ham ko‘p bo‘ladi. Men ham Namanganda ishlagan paytimda maydonlar sifati yaxshi bo‘lishi kerakligini bir necha bor aytganman. Bunday sifatli maydonlarda hamma jamoalar, asosiy tarkib, o‘rinbosarlar va hattoki meni ham maydonga tushib o‘ynagim keladi. Bu yerda rahbariyatga alohida rahmat aytish kerak. Ular juda yaxshi ishlarni olib borishyapti. Mana, masalan, Shota Arveladze ham bir necha bor maydonlar sifati haqida gapirgandi. Keyin esa bu maydonlar yaxshilandi. Mana ko‘rib turibmizki, bugungi kunda futbolchilar sifatli maydonlarda to‘p surishyapti. Shuning uchun hammaga rahmat. Aynan shunday bo‘lishi kerak edi. Shunday sifatli maydonlarda o‘ynash kerak va oldinga intilish darkor.

- Qirg‘izistondagi hayotingiz qanday?
- Hammasi yaxshi, yashayapmiz. Hozir yig‘indamiz. Bizda shunchaki aylanishga vaqtimiz kamroq. Issiqko‘l juda manzarali, o‘ziga xos ko‘li bor ekan. Ajoyib dam olish maskani. Dunyodagi eng yaxshi ko‘llardan biri ekan. Hozir bu yerdamiz, keyin Turkiyaga bormoqchimiz. Tayyorgarlik jarayonlari davom etyapti. Bishkek, Jalolobod shaharlarida bo‘ldim va menda yaxshi taassurot qoldirdi. Odamlari ajoyib. Bu borada menda muammo yo‘q. Men bilan doim O‘zbekiston, Angliya, Italiya, Qirg‘iziston, Qozog‘istonda yaxshi munosabatda bo‘lib kelishgan. Asabingga tegadigan, futbolga qiziqmaydigan, orqangdan “quvlaydigan” yoki boshqa turdagi odamlar bu yerlarda yo‘q. Ba’zi joylarda futbolga umuman qiziqmaydiganlar Rossiya va boshqa davlatlarda ham topiladi. Biz esa o‘z ishimizni davom ettiramiz. Rahbariyat qanday vazifa qo‘ygan bo‘lsa, shuni bajarish asosiy vazifamizga kiradi.

- O‘zbekiston milliy terma jamoasining Osiyo Kubogidagi ishtiroki haqida nima deya olasiz?
- Ooo, yigitlarga qoyil degan bo‘lardim. Har qanday jamoa uchun mezbonga qarshi o‘ynash qiyinchilik tug‘diradi. Qatardek jamoani maydonida o‘ynash og‘ir. Biz barchasini ko‘rdik. Finaldagi hakamlarni tushunarsiz harakatlariga guvoh bo‘ldik. O‘zbekiston Qatarga qarshi juda zo‘r o‘ynadi. Penalti – bu lotereya. Kimdir yutadi, kimdir yutqazadi. Futbolchilaringizga rahmat. Men yigitlaringizdan mamnunman. Meni qo‘li ostimda o‘ynagan Oston O‘runov, O‘tkir Yusupov kabilarga alohida minnatdorchilik bildiraman. Men O‘zbekistonda vaqtim zoye ketmaganligiga amin bo‘ldim.

- Qirg‘izistonning Osiyo Kubogidagi natijasi haqida fikringiz qanday?
- Nima bo‘lganini, jamoa ichidagi holatni men bilmayman. Albatta, Tailand bilan o‘yinda yutishi kerak edi. Murabbiy menimcha federatsiya, hammani oldida aslida nima bo‘lganligi haqida hisobot bersa yaxshi bo‘lardi. Shunday ekan, men faqatgina o‘z jamoam oldida turgan muhim topshiriq hamda vazifalarga e’tiborimnim qaratishim kerak.

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "O‘zbekistonda vaqtim zoye ketmaganligiga amin bo‘ldim" - Kanchelskis