17:08 / 12.06.2024
332

Ja’far Irismetov: "Bu terma jamoamiz uzoqqa boradi"

Ja’far Irismetov: "Bu terma jamoamiz uzoqqa boradi"
Kecha O‘zbekiston milliy terma jamoamiz Tehronda Eronga qarshi JCH-2026 2-saralash bosqichining oxirgi tur doirasida maydonga tushganidan xabaringiz bor. 0:0 hisobida yakunlangan o‘yin borasida o‘ziga yarasha fikr va mulohazalar bildirilmoqda.

Jumladan, o‘zbek futbolining sobiq yulduzlaridan biri Ja’far Irismetov terma jamoamizning Eronga qarshi uchrashuvi haqida fikr bildirdi.

“O‘runovda imkoniyat bor edi”

"O‘yin juda yaxshi va qiziqarli o‘tdi. 0:0 bo‘lishiga qaramasdan biznikilar birinchi va ikkinchi taym boshlarida to‘pni nazorat qilishni xohladilar va buni uddasidan chiqdilar. Birinchi xavfli vaziyatni sodir etdik. Oston O‘runovda imkoniyat bor edi. Ikkinchi bo‘limning taxminan 10 daqiqachasida to‘pni nazorat qildik. Keyin ular tashabbusni o‘z qo‘liga olishni boshlashdi. Shuning evaziga eronliklarda vaziyatlar biroz ko‘proq bo‘ldi".

“Ikkala jamoani ham yutqazgisi kelmadi”

"O‘yin qanday darajada kechdi? Yaxshi saviyada o‘tdi. 0:0 bo‘lishiga qaramasdan jamoalar yaxshi o‘yin namoyish etishdi. Ikkala jamoani ham yutqazgisi kelmadi. Erondan kuchliroq o‘yin kutgandim. Biznikilarni qarshi hujumda o‘ynamoqchiligi ko‘rinib turgandi. 5-4-1 taktikada tushishdi, deb o‘ylayman. O‘rtada to‘pni olib tezkorlik bilan qarshi hujumga chiqishni xohlashdi. Qaysidir ma’noda uddasidan chiqishdi".

“Jamoamiz munosib o‘ynadi”

"Eron bilan ikkala uchrashuvda durang o‘ynadik. Eron futboli biroz teparoqda, bo‘lsa kerak. Ammo hozirgi kunda bizning terma jamoamiz eronliklardan umuman qolishgani yo‘q. O‘ylaymanki, jamoamiz munosib o‘ynadi. Oldin Eron maydonida bunday xotirjamlik bilan o‘ynash qiyin ish edi. Endi yigitlar bemalol to‘p surishyapti. Terma jamoamiz misolida juda yaxshi jamoa shakllangan. Oldimizga qo‘yilgan maqsadni bajara olamiz. Jahon chempionatiga chiqadigan jamoa shakllanyapti. Xudo xohlasa, O‘zbekistonni mundialda ko‘ramiz. Tarkibimiz zo‘r. Yoshlar bilan tajribali futbolchilar o‘rtasida balans bor. Fayzullayev, Xusanov, Xolmatovga o‘xshagan ajoyib yoshlarimiz qo‘shilgan. Bu terma jamoamiz uzoqqa boradi. Oxirgi yillardagi kuchli terma jamoalarimizdan bittasi".

“Eron 1-o‘rinni saqlab qolish uchun o‘ynadi”

"Albatta, g‘alabani istagandik. Katanes to‘g‘ri taktika tanladi. Eron 1-o‘rinni saqlab qolish uchun o‘ynadi. Agar qo‘shish kerak bo‘lganida menimcha o‘yinini kuchaytirardi. Ular peshqadamlikda qolish uchun u qadar tavakkallikka berilmadi. Yutsa yutdi, bo‘lmasa durang ham ularni qoniqtirardi. Eron katta kuch sarfladi, deb ayta olmayman. Durang ikkala jamoa uchun yaxshi bo‘ldi, deb hisoblayman. Aytganimdek, futbolchilarimiz yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. “Ozodi”da qo‘rqmasdan, bemalol harakat qildilar. Buning uchun rahmat. Keyingi bosqichda omad tilab qolamiz. Jahon chempionatiga chiqsak, hammada ushalmagan orzular ushaladi – muxlislarda, futbolchilarda, rahbariyatda ham".

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ja’far Irismetov: "Bu terma jamoamiz uzoqqa boradi"