22
"UFC 308" turnirida "dahshat" janglar bo‘ladi. Barcha jangdagi imkoniyatlar bilan tanishing
Barcha MMA ixlosmandalarining diqqat markazi Abu-Dabida o‘tadigan "UFC 308" turniriga qaratilgan. Bu jang kechasi borasida bir qator ma’lumotlar, taxliliy mulohazalar bilan o‘rtoqlashgan edik. Bugun biz barcha janglardagi qisqacha imkoniyatlar haqida to‘xtalamiz.
Prelim kard:
Ibo Aslan (Turkiya, 13-1)- Rafael Serkuyera (Braziliya, 11-0)
- Bu jangda ikki inokautchini qarama-qarshiligini ko‘ramiz. Turkiyalik Ibo Aslan UFCda 2-jangini o‘tkazadi. U debyut jangida avval Brave promoushenida faoliyatidagi yagona mag‘lub bo‘lgan jangchisi shvetsiyalik Anton Turkalni texnik nokautga uchratib, o‘ziga xos revansh olgandi. Qiziq jihati u qolgan 13 ta jangining barchasini muddatidan avval yakunlagan va barchasi TKO va KO orqali amalga oshirilgan. Braziliyalik Serkuyera esa bir marta ham mag‘lub bo‘lmagan jangchi. U ham 11 ta g‘alabasini 8 tasini KO, TKO bilan yakunlagan. U nufuzli promoushenda debyut jangini o‘tkazadi. Bu jangda kimning "jag‘i baquvvat" bo‘lsa, o‘sha g‘alabani ilib ketadi. Ibo Aslan uchun jang Abu-Dabida o‘tayotganligi qandaydir motivatsiya berishi mumkin. Har holda uning muxlislari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Imkoniyatlarni 55/45 deya baholagan bo‘lardik. Aslan foydasiga!
Ismoil Naurdiyev (Avstriya, 23-7) - Bruno Silva (Braziliya, 23-11)
- Naurdiyev UFCda debyut jangini o‘tkazadi. Uning bu promoushenga qo‘shilishi qandaydir omadli bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki u so‘ngi uch jangida 2 marotaba mag‘lub bo‘lgandi. U ham g‘alabalarining 12 tasini TKO, KO evaziga qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 6 tasini "sabmishn" evaziga qo‘lga kiritgan. Bruno esa so‘ngi 6 ta jangining 5 tasida mag‘lub bo‘ldi. U umumiy UFCda 9 ta jang o‘tkazgan. Ketma-ket so‘nggi uchta to‘qnashuvda omadsizlikka uchradi va katta ehtimol bilan bu jangdagi mag‘lubiyat tufayli u UFCdan chetlatilsa kerak. Bir-biriga mos raqiblar. Naurdiyevning nisbatan kurashi kuchli ekanligini inobatga olsak, bu jangda u ochkolarga ko‘ra g‘alaba qozonsa kerak. Imkoniyatlar 55/45 Naurdiyev!
Farid Basharat (Afg‘oniston 12-0-1 NC)) - Viktor Xyugo Silva (Braziliya, 25-4)
- Bu jangda "sabmishn"lar ustalarining qarama-qarshiligini ko‘ramiz. Basharat 12 ta g‘alabasining 6 tasini og‘riqli va bo‘g‘ish uslublari evaziga, bitta nokaut va 5 marotaba ochkolar bilan zafar quchgan. Viktor Silva esa 25 ta g‘alabasining 10 tasini "sabmishn" bilan 7 ta nokaut va qolgani ochkolar hisobiga qo‘lga kiritilgan. Braziliyalik jangchi UFCda 2-jangini o‘tkazadi. Bu bahsda nisbatan Basharatning ustunlik jihatlari ko‘p. U deyarli o‘z uyida jang qiladi. Shuningdek, uning "stoyka"si raqibiga nisbatan yaxshiroq. Qolaversa, kardio borasida ham qisman ustunlik bor. Bu jangda aynan kardiosining yaxshiligi evaziga Basharat g‘olib chiqishi mumkin. Imkoniyatlar 60/40 Basharat!
Kennedi Nzechukvu (AQSH, 12-5) - Kris Barnett (AQSH, 23-8)
- Bu jangda ham mushti qattiqlarning qarama-qarshiligini ko‘ramiz. Nzechukvu 12 ta g‘alabasini 8 tasini nokaut, texnik nokaut evaziga qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Barnet 23 ta g‘alabasini 18 tasini shunday tarzda yakunlagan. Nzechukvuda nisbatan motivatsiya kuchliroq. Chunki u so‘ngi 2 ta jangida mag‘lub bo‘lgan va bu safargi muvaffaqiyatsizlik uni promoushendan uzoqlashtiradi. Qolaversa u raqibidan 6 yosh kichik. Ya’ni, Nzechukvu 32 yoshda Barnet esa 38 yoshni qarshi olgan. Xullas, bu safar Nzechukvu borini beradi va promoushenda o‘z o‘rnini saqlab qolishga xarakat qiladi. Imkoniyatlar 55/45 Nzechukvu!
Abusupiyan Magomedov (Rossiya, 26-6-1) - Bruno Ferreyra (Braziliya, 12-1)
- Qiziqarli jang bo‘ladi. "Stoyka"da bizga tanish bo‘lgan Ferreyra biroz ustunroq. Uning birgina mag‘lubiyati bilasiz hamyurtimiz Nursulton Ro‘ziboyevdan qabul qilib olingan. 12 ta g‘alabasini 9 tasini nokaut bilan yakunlagan. Xaqiqiy "pancher"!. Biroq, Magomedovning ustun jihati uning kurashi Ferreyranikidan ancha yaxshiligidir. Agar, Ferreyra 1-raundda bosim bilan biror bir natijaga erisha olmasa, qolgan raundlarda unga qiyin bo‘ladi. Nazarimda bu jangda Magomedov g‘alaba qozonadi. Imkoniyatlar 60/40!
Said Nurmagomedov (Rossiya, 18-3) -Daniel Gustavo Santos (Braziliya, 12-2)
- Bu jangda Nurmagomedovning imkoniyati yuqori baholanyapti. To‘g‘ri, u UFCda jang o‘tkazish borasida raqibidan anchagina ustun. U 9 marotaba bu promoushenda oktagonga ko‘tarilgan. Santos esa 4-jangini o‘tkazmoqda. Biroq, Santos anchagina matonatli va chidamli jangchilar sarasiga kiradi. Kardiosi ham anchagina yaxshi. Nurmagomedovda esa shu muammo. E’tibor bergan bo‘lsangiz, faoliyatidagi 3 mag‘lubiyatni barchasi ochkolar hisobida uchralgan va 3 raund davom etgan. Aynan u charchoq tufayli, imkoniyatni boy bergan. Nurmagomedov uchun oson jang bo‘lmaydi. Ammo baribir nisbatan ustunlik Nurmagomedov tarafida deb o‘ylayman. Imkoniyatlar 60/40!
Mateush Rebetski (Polsha, 19-2)- Miktibek Oralbay (Qirg‘iziston, 13-1-1)
- Bu jangning bo‘lmaslik ehtimoli bor deyilmoqda. Tez orada bunga oydinlik kiritiladi. Agar, bu jang bo‘lsa, qirg‘izistonlik jangchining imkoniyatini yuqori baholagan bo‘lardim. Uning kurashi Rebetskinikidan ancha kuchli va jang asosan "parter"da kechishi shubhasiz. O‘ylashimcha Oralbay "parter"dagi nazorat evaziga g‘alabani qo‘lga kiritadi. Imkoniyatlar 60/40!
Jeff Nil (AQSH, 15-6) - Rafael Dos Anos ( Braziliya, 32-16)
- Dos Anos universal jangchi. Muaytay, jiu-jitsu uyg‘unlashgan stilda jang qiladi. Kurash borasida ham maqtana oladi. Jeff Nil esa "stoyka"da istalgan raqibga bosh og‘riq bo‘ladi. U Shavkat Rahmonovga ham jiddiy qarshilik ko‘rsata olgandi. "Teyk-daun"lardan ham himoyasi yaxshi. Dos Anosga halaqit beruvchi asosiy omil uning yoshi desak yanglishmagan bo‘lamiz. Chunki u deyarli 40 yoshda. Agar jismoniy holati pand bermasa, Dos Anosda g‘alaba qozonish uchun imkoniyat bor. To‘g‘ri, Jeff Nilni imkoniyati yuqori baholanyapti. Lekin bu jangda RDA "sabmishn" bilan g‘alabani ilib ketsa kerak. Imkoniyatlar 55/45 Dos Anos.
Asosiy kard:
Leron Myorfi (Angliya, 14-0-1) - Den Ige (AQSH, 18-8)
- Ha, bu jangda Myorfining imkoniyati yuqori baholanishi tayin. Chunki u hali mag‘lubiyat nimaligini bilgani yo‘q. Birgina durang Zubayra Tuxugov bilan jangda sodir bo‘lgan. Biroq, bu safar Myorfiga oson bo‘lmaydi. Den Igeni hozirda UFC yulduziga aylanayotgan Diyego Lopesga qarshi qisqa muddatda chiqib, qanday jang o‘tkazganini barcha guvohiga aylandi. Sal qolsa, u Lopesni epopeyasiga yakun yasab qo‘yardi. Shuning uchun to‘liq lagerni o‘tagan Ige juda xavfli ko‘rinish oladi. Ammo, Myorfining oktagonni his qilishi, IQsi zo‘r shakllangan. Nazarimda "chaqilmas yong‘oq" Igega qarshi u aqlli yurish qila oladi. Imkoniyatlar 60/40 Myorfi!
Robert Uittaker (Avstraliya, 26-7) - Xamzat Chimayev (Shvetsiya, 13-0)
- Menimcha bu jangga qiziqish markaziy jangdan kam bo‘lmasa kerak. Robert Uittaker hurmatga sazovor jangchi. U sobiq chempion va yorqin jang ko‘rsatishi, kamtarinligi bilan ham muxlislar mehrini qozongan. Qolaversa, mukammal jangchilar sarasiga kiradi. "Teyk-daun"lardan ham himoyasi zo‘r. Biroq, Kamaru Usman kabi kurash ustalari ham Hamzatning kurashiga dosh bera olmagan bir vaqtda Uittaker bundan munosib himoyalana olarmikan? To‘g‘ri, Usman kichik vazn toifasida va zahiradan jangga qo‘shilgan. Biroq, uning kuchli jihati baribir kurash edida... Menimcha Hamzat Uittaker bilan "stoyka"da jang olib boradigan darajada aqlsiz emas. U biladi, Robi qanday kuchga ega ekanligini. Ikram Aliaskerov bilan bo‘lgan jang ham Chimayev uchun saboq bo‘lgan. Shuning uchun u dastlabki 2 raundda jang masalasini hal qilishga harakat qiladi. Agar bu raundlardan o‘tib olsa, Robida imkoniyat oshib ketadi. Chunki Chimayevning kardiosida muammolar borligi haqiqat. Ammo, men bu jangda Chimayevning muddatidan avval "sabmishn" orqali g‘alabasini kutyapman. Imkoniyatlar 65/35 Chimayev!
Iliya Topuriya (Ispaniya, 15-0) - Maks Xollouey (AQSH, 26-7)
- Haqiqiy "sola-sol" bo‘ladi. Super jangchilar qarama-qarshiligini ko‘ramiz. Amaldagi chempion Topuriya hali mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayapti. Har ikkisi "stoyka"da benazir. Aksariyat mutaxassislar va muxlislar Topuriyaning g‘alabasini bashorat qilishmoqda. Biroq men aksincha fikrdaman. Agar, Topuriya dastlabki raundlarda nimagadir erisha olmasa, Xollouey qolgan raundlarni o‘z hisobiga yozdirib qo‘yadi, degan fikrdaman. Bilasizmi, Xollouey hali biror marta nokdaun yoki nokautga uchramagan jangchi. Anchagina "jag‘i baquvvat"... Nazarimda Topuriya kurashnii ishga solmasa, "stoyka"da unga qiyin. Chunki Volkanovski kabi Xollouey Topuriyaga yaqin masofani bermaydi. Bo‘ydagi va qulochdagi ustunlik evaziga masofadan ochkolarni terib tashlaydi. Qolaversa, Maks kardiosi bilan ham maqtana oladi. Xullas, jang 5 raund davom etsa, g‘alaba Maks tarafida bo‘ladi. Nazarimda bu jang to‘liq davom etadi va Maks Xollouey g‘alabani qo‘lga kiritadi. U ham bilib turibdiki, bundan so‘ng unda chempionlik jangida ishtirok etish imkoniyati pasayib ketadi. Shuning uchun u jangda borini beradi. Imkoniyatlar 55/45 Xollouey.
Albatta bularning barchasi nisbiy hamda shaxsiy fikr va mulohazalar xolos. Aslida, nima bo‘lishini 26 oktyabr kuni bilib olamiz!
Ahmadbek ESHMATOV tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Olimlar Oyning orqa tomonidan olingan tuproq namunalarini o‘rgandi
G‘azoda 2023 yil oktyabr oyidan buyon 17 mingdan ortiq bola halok bo‘lgan...
Olmaliq shahri va Yangiyo‘l tumanida qonunbuzarlar jinoyat ustida qo‘lga olindi