21:18 / 05.11.2024
27

Ro‘ziqul Berdiyev: "G‘alaba uchun nafaqat yaxshi himoyalanish, balki hujumga e’tibor qaratish ham muhim"

Ro‘ziqul Berdiyev: "G‘alaba uchun nafaqat yaxshi himoyalanish, balki hujumga e’tibor qaratish ham muhim"
Ertaga, 6 noyabr kuni Osiyo Chempionlar Ligasi-2 guruh bosqich 4-turi doirasida "Nasaf" o‘z uyida "Al Husayn"ni qabul qiladi. Bugun o‘yinoldi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi va unda "Nasaf" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev hamda jamoa kiperi Abduvohid Ne’matov ishtirok etdi hamda ertangi o‘yin haqida o‘z fikrlarini bayon etishdi.

"Assalomu alaykum! Bu musobaqada ham oldimizga jiddiy maqsad qo‘yganmiz - keyingi bosqichga o‘tish. Buning uchun ertangi o‘yinda ham maksimal harakat va 3 ochko talab etiladi. Raqibimizni biz birinchi o‘yin orqali juda ham yaxshi bilamiz, ancha jiddiy jamoa. O‘ylaymanki, o‘yinga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rdik. Yigitlar buni tushunib turibdi. Ertangi o‘yinda kerakli natija uchun bor kuchimizni beramiz. Albatta, muxlislarni xursand qilish uchun hamda vazifamizni yengillashtirish uchun g‘alabani ko‘zlab maydonga tushamiz" - dedi Ro‘ziqul Berdiyev.

"Assalomu alaykum. Ertangi bahsga hamma tayyor. Biz faqatgina 3 ochko uchun maydonga tushamiz. Keyingi bosqichga chiqib, murabbiyimiz ta’kidlaganidek, muxlislarimizni xursand qilmoqchimiz", - dedi Abduvohid Ne’matov.

"Chempionlar Ligasidagi o‘yinlar har bir mamlakatning yetakchi jamoalari ishtirok etadi. Qur’adan keyinoq biz kuchli raqiblarga duch kelishimiz ma’lum edi. Ularning har biri o‘z mamlakatining yetakchi klublari. Shunday bo‘lsa ham, ular bizdan ancha kuchli demagan bo‘lardim. Har bir o‘yinda istalgan raqibdan syurpriz kutish mumkin. Har xil taktik o‘yinlarni kutish mumkin, balki raqib jamoasi ertaga durangni ko‘zlab ham maydonga tushishi mumkin. Biz barchasiga tayyormiz. Bizdan talab qilinadigan narsa — faqat o‘yinga maksimal harakat qilishimiz va g‘alabani o‘ylab maydonga tushishimiz kerak. Buning uchun aql, kuch va mehnat talab qilinadi. Umid qilamanki, bizda bu borada muammo bo‘lmaydi.

Avvalgi to‘qnashuvda hamma ko‘rdi, ularning tarkibida individual kuchli futbolchilar bor. Avvalgi ikki o‘yinni ko‘rib, o‘rganganimizda ham bunga e’tibor qaratgandik. Yigitlarga qanchalik uqtirmaylik, biz sustkashlikka yo‘l qo‘ydik va indiviudal harakat evaziga o‘z darvozamizdan 2 ta gol olib chiqishga majbur bo‘ldik. Shu sababli, bemalol ayta olaman, hozir raqibning tarkibi, salohiyati haqida gap ketdi, lekin birinchi o‘rinda ularning ba’zi bir futbolchilari, hujum vakillarining individual mahoratini jamoaning kuchli tomoni, deb bilaman.

Albatta, tarkib farq qiladi. Bilasizlar, Iordaniyaga borish safari og‘ir edi, bizni esa Samarqandda muhim o‘yin kutayotgandi. Shu sababli rotatsiyaga qo‘l urdik. Ular yomon o‘ynadi demoqchimasman, lekin ertaga safarda yo‘qotilgan uch ochkoni qaytarishga harakat qilamiz.

Zamonaviy futbolda yaxshi himoyalanish talab etiladi. Albatta, g‘alaba qozonmoqchi bo‘lsangiz bu muhim, yaxshi himoyalanishingiz zarur. Ammo ertaga bizdan ko‘proq talab qilinadigan narsa bu hujumga e’tibor qaratish. G‘alaba qozonmoqchi bo‘lsak, albatta, raqib darvozasi tomon yo‘l topishimiz kerak".

Abduvohid Ne’matov - "Bu o‘yinni intiqlik bilan kutdik. Iordaniyada o‘yinning oxirgi daqiqalarida gol o‘tkazib yubordik. Shu sababli ham aytganimdek, faqat va faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz".

- Ertaga penalti tepish kerak bo‘lsa, yana darvozabonga ishonch bildiriladimi?
- "Penaltini yaxshi tepa oladigan bir nechta futbolchilarimiz bor. Ba’zi bir futbolchilarimiz ishonchni oqlay olmadi. Boshqalari aksincha, muhim pallalarda pand bermadi. Mavsum davomida bir necha bor buning guvohi bo‘ldik. O‘ylaymanki, ertaga ham kerak bo‘lsa, o‘ziga ishongan futbolchi, ishonchni oqlay oladigan futbolchi chiqadi" - dedi "ajdarlar" ustozi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "G‘alaba uchun nafaqat yaxshi himoyalanish, balki hujumga e’tibor qaratish ham muhim"