date
views 76

Jamshid Saidov: "Yosh bolalardek o‘ynadik, raqib bizni yanchib tashladi"

Jamshid Saidov: "Yosh bolalardek o‘ynadik, raqib bizni yanchib tashladi"
Superliganing 25-turi doirasida "Navbahor"dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin "Qizilqum" bosh murabbiyi Jamshid Saidov matbuot anjumanida qatnashdi.

- O‘yin haqida biror nima deyish qiyin. Qo‘pol qilib aytganda, biz yosh bolalardek futbol o‘ynadik, raqiblar esa bizni yanchib tashlashdi. Raqibga barcha jabhalarda mag‘lub bo‘ldik.

- Jamoliddin Ubaydullayevning bugungi o‘yini haqida nima deya olasiz? Bizningcha, u bugungi o‘yinda juda ko‘p xato qildi.
- Faqatgina Jamoliddin emas, barcha himoyachilar juda yomon o‘ynashdi. Hech kimni ajratib ko‘rsata olmayman. Jamoa yutqazdi, barcha yutqazdi. Hech kimni ayblamoqchi emasman. Markazda, himoyada ko‘plab xatolar qildik, hujumdagi ishlarimiz o‘xshamadi.

- Jamoanining 2024 yilgi mavsumdagi ishtirokidan qoniqdingizmi?
- Umuman olganda hali yana bir tur bor. Oldindan biror nima deya olmayman. Hozircha gapirish qiyin. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, his qilyapsiz. Yana bir turimiz bor, oxirigacha kurashamiz, harakat qilamiz. Ko‘ramiz...

- Bugun Ilhom Vahobovni umuman ko‘rmadik.
- Uning oilaviy muammolari bor edi. Shu sababli u bugun ko‘rinmadi.

- Zaxiradan tushgan futbolchilar Siz o‘ylagandek o‘yin ko‘rsata olishdimi?
- O‘yinimiz yaxshilanishiga umid qilgan holda o‘yinni o‘zgartirishga harakat qildik. Boshqa sxemaga o‘tdik, avvaliga gol urib olgandik. Keyin qator xatolarga yo‘l qo‘ydik. Himoyachilar juda yomon o‘ynashdi.

- Yangi mavsumda ham jamoada qoladigan bo‘lsangiz, kimlarni olib qolish va ketkazib yuborishni o‘ylab ko‘rdingizmi?
- Buni vaqt ko‘rsatadi. Hozircha nimadir deya olmayman. Mavsumni yakunlaganimizdan keyin barchasi ko‘rina boshlaydi. Shartnomam yil oxirigacha, agar uzaytiriladigan bo‘lsa, bu masala ko‘rib chiqiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jamshid Saidov: "Yosh bolalardek o‘ynadik, raqib bizni yanchib tashladi"