00:15 / 03.12.2024
4

Maksim Shatskix "Al Ayn"ga qarshi bahs oldidan nimalar dedi?

Maksim Shatskix "Al Ayn"ga qarshi bahs oldidan nimalar dedi?
Osiyo Elit Chempionlar ligasi 6-turidan o‘rin olgan "Paxtakor" - "Al Ayn" bahsi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

"Ertaga kim bilan o‘ynashimizni bilamiz. OCHLning amaldagi g‘olibi. Chempionlar ligasini tasodifdan yutib bo‘lmaydi. Ligada bir marotaba tasodifan chempion bo‘lish mumkin, ammo Chempionlar ligasida tasodifiy g‘alabalar bo‘lmaydi. "Al Ayn" musobaqa jadvalida bizdan pastroq o‘rinni egallab turibdi, ammo bunga e’tibor qaratish kerak emas. Kimga qarshi o‘ynashimizni yaxshi bilamiz. Raqibimizga yaxshi jang taklif qilamiz, natija qanday bo‘lishini esa ertaga bilib olamiz", - dedi Maksim Shatskix ertangi bahs haqida.

"Al Ayn"ga qarshi o‘yin kelajagimizni aniqlab beradi. Ertaga faqatgina g‘alaba va muxlislarni xursand qilish uchun maydonga tushamiz", - dedi Abdulla Abdullayev.

- "Al Ayn" jamoasi bilan o‘tgan mavsum ham to‘qnash kelgan edingizlar. Toshkentdagi mag‘lubiyat va safarda g‘alaba. BAA jamoasining tarkibi deyarli o‘zgarmadi, faqatgina murabbiylar o‘zgardi. "Paxtakor" esa katta o‘zgarishlarga qo‘l urdi. O‘tgan yilgi bahslardan xulosa qilish qanchalik to‘g‘ri?

- O‘tgan mavsumdagi o‘yinlarni eslaymiz. Biroq bunga juda katta e’tibor berish noto‘g‘ri. Oradan bir yil vaqt o‘tdi. Raqib tarkibi o‘zgarmadi. Biz esa tarkibni yoshartirdik. "Al Ayn"ning joriy mavsum Elit ligada o‘tkazgan o‘yinlarini o‘rganib chiqdik. Ertangi uchrashuv ikki jamoa uchun ham pley-off bosqichiga yo‘l olish uchun so‘nggi imkoniyat bo‘lishi mumkin. Bahorda ham Chempionlar ligasida ishtirok etishni istasak, ertaga yaxshi kurashishimiz kerak.

- O‘ta omadsiz mavsumdan so‘ng xalqaro maydondagi raqiblarga tayyorgarlik ko‘rish qanchalik qiyin bo‘lmoqda? Hech narsasi qovushmayotgan jamoani kuchli raqibga tayyorlay oldingizmi?

- Futbolchilarni bunday o‘yinga tayyorlash yoki motivatsiya berishning hojati yo‘q. Bu Elit Chempionlar ligasi. Ortiqcha izohning keragi yo‘q. O‘yinning ahamiyatini butun jamoa anglab turibdi. Barchasi o‘zimizga bog‘liq. Elit Chempionlar ligasida ishtirok etishga munosib jamoa ekanligimizni isbotlashimiz kerak.

Abdulla Abdullayevga savol

- "Al Ayn" bilan bir necha marotaba to‘qnash kelgansiz. Ushbu jamoa hujumchilari qanchalik xavfli ekanligini sizdan yaxshiroq biladigan futbolchi bo‘lmasa kerak. Sofyan Rahimi va Laba Kojolarga qarshi qanday qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha jamoadoshlaringizga va ayniqsa himoyachilarga ertangi o‘yin oldidan qandaydir maslahat berdingizmi?


- Ushbu jamoaga qarshi bir nechta marotaba o‘ynaganman. Barcha jamoadoshlarim "Al Ayn" qanday hujum chizig‘iga ega ekanligini tushunib turibdi. "Al Ayn" shu kungacha to‘qnash kelgan jamoalarimiz ichida eng kuchli hujumchilarga ega. Biz esa o‘zimizning kuchli jihatlarimizga ko‘proq e’tibor qaratmoqchimiz. Har bir jamoa raqibning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda futbol o‘ynaydi. Biz yaxshi qarshilik ko‘rsatsak, raqib hech narsa qila olmaydi. Biz ko‘proq o‘zimizning o‘yinimiz haqida o‘ylayapmiz.

- Abdulla siz "Horfakkan" safida BAA chempionatida o‘ynagansiz. "Al Ayn" jamoasi haqida nimalar deya olasiz. Shuningdek, bugun BAA milliy kuni nishonlanmoqda. Amirliklarga qanday tilaklar bildirasiz?

- "Horfakkan"da meni juda iliq kutib olishgan edi. Ulardan minnatdorman. Milliy kuningiz bilan ham barchani tabriklayman. Ertaga kuchliroq jamoa g‘olib bo‘lsin. Barchasi maydonda aniq bo‘ladi.

- Ertangi uchrashuv oldidan "Paxtakor"da yana qanday ustunlik bo‘lishi mumkin? Masalan, maydon holati yoki sovuq ob-havo jamoangizga qo‘shimcha yordam berishi mumkinmi?

- Maydon holatidan xursand emasman, albatta. Yuqori ishtiyoq va kurashuvchanlik. Maksimal darajadagi konsentratsiya. Ushbu jihatlar ertangi o‘yinda ijobiy natija qayd etishga imkoniyat yaratib berishi mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Maksim Shatskix "Al Ayn"ga qarshi bahs oldidan nimalar dedi?