AQSHda 275 ruhoniy 944 nafar bolaga zo‘ravonlik qilgan

AQSHning Massachusets shtatidagi uchta katolik yeparxiyasida 275 nafar ruhoniy 944 nafar bolaga jinsiy zo‘ravonlik qilgani aniqlandi. Bu haqda shtat Bosh prokuraturasi o‘tkazgan tekshiruv hisobotida ma’lum qilindi.
Tergov Foll-River, Springfild va Vuster yeparxiyalarini qamrab olgan. Hisobotdagi holatlarning aksariyati 2002 yilgacha sodir bo‘lgan.
Bosh prokuror Andrea Joy Kempbellning aytishicha, yeparxiyalar rahbariyati ruhoniylar tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilganidan yillar davomida xabardor bo‘lgan. Ayrim holatlarda cherkov obro‘sini saqlash bolalar xavfsizligidan ustun qo‘yilgani ta’kidlangan.
Tekshiruv 2019 yilda boshlangan. Tergov davomida prokuratura ishlar bo‘yicha mahalliy prokurorlarga uch marta murojaat qilgan va ulardan biri Vuster yeparxiyasida ayblov qo‘zg‘atilishiga olib kelgan. Qolgan ayrim holatlar bo‘yicha esa da’vo muddati o‘tib ketgani yoki o‘sha paytda qilmish jinoyat hisoblanmagani sababli jinoiy ta’qib boshlanmagan.
Uch yeparxiya rahbarlari jabrlanganlardan uzr so‘rab, bolalar xavfsizligini kuchaytirish va mavjud tartiblarni takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini bildirgan.
Bosh prokuror esa bolalikdagi jinsiy zo‘ravonlik qurbonlariga fuqarolik da’volari kiritish imkonini kengaytirish uchun qonunchilikka o‘zgartishlar kiritishga chaqirgan.






























Izohlar 0
…