
Fransiyaning bugungi kundagi eng qudratli va badavlat klubi – “Pari Sen-Jermen” ushbu mamlakatda o‘ynayotgan legionerimiz Abduqodir Husanovga birinchilardan bo‘lib e’tibor qaratgan edi.
Parij klubi skautlari mavsum boshidan beri 20 yoshli himoyachining o‘yinini muntazam kuzatib keladi. Abduqodir aynan PSJga qarshi uchrashuvda raqib yulduzlari Usmon Dembele, Bredli Barkola va Ashraf Hakimiga nisbatan shiddatli va qo‘pol o‘ynagan, oxir-oqibat xavfli podkati uchun maydondan chetlatilgan bo‘lsa-da, Parij klubi mutasaddilarining o‘zbek futbolchisini olish bo‘yicha fikri o‘zgargani yo‘q.
Yevropaning nufuzli manbalaridan biri – news.dayfr.com portali PSJ yanvarda Husanovni transfer qilish bo‘yicha amaliy harakatlarni boshlash arafasida turganini ma’lum qildi.
- “Lans” markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov qishki transferlar oynasi davrida olinadigan o‘yinchilardan biri sifatida PSJ nishonida turibdi. Parijliklar Husanov transferini uddalash vazifasini klubning hamkori bo‘lgan taniqli futbol agenti Jorje Mendeshga yukladi.
PSJ uchun qishki transferlar davrida qanot hujumchisi topish asosiy masala hisoblanadi va klub bu yo‘nalish bo‘yicha ish olib borishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu bilan birga, klub Slovakiya terma jamoasi o‘yinchisi Milan Shkrinyarning boshqa jamoaga o‘tishini inobatga olib, markaziy himoyaga ham yangi ijrochi olib kelishni mo‘ljallagan.
Bu pozitsiyaga bir necha haftadan beri “Lans” vakili Abduqodir Husanov nomzod sifatida o‘rganilmoqda. Kattagina mablag‘ga ehtiyoj sezayotgan “Lans” yanvarda bu himoyachini qo‘yib yuborish ehtimoli katta.
Taniqli jurnalist Janluka Vitale bu transferning muhim jihati sifatida muzokaralarda tajribali agent Jorje Mendeshning ishtirok etishini ko‘rsatmoqda. Mendesh Husanov transferini yanvarda amalga oshirishi kerak.
PSJ bu vazifa uddalangan taqdirda Jorje Mendeshga Husanovning transfer summasining 10 foiziga teng mablag‘ni gonorar sifatida to‘laydi.
Parij klubi rahbariyati portugaliyalik futbol agentining muzokara olib borish mahoratiga ishonmoqda. Chunki Jorje Mendesh PSJga bir necha futbolchilarni olib kelgan. Ayni paytda jamoada o‘ynayotgan Vitinya, Urron Zair-Emeri, Gonsalu Ramush, Joau Nevesh, Bredli Barkola kabi futbolchilar Mendesh tufayli PSJga kelgan, - deb yozmoqda news.dayfr.com portali.
Ta’kidlash joizki, 20 yoshli legionerimizga Fransiya, Angliya, Ispaniya, Italiya va Germaniya ligalaridan nomdor klublar jiddiy qiziqish bildirmoqda. Ular orasida PSJ, “Tottenxem”, “Nyukasl” kabi klublar transferni yanvarda amalga oshirmoqchi.
“Lans” moliyaviy feyr-pley talablarini buzmaslik uchun tez orada 40 million yevro miqdorida budjetga tushum qilishi talab etiladi. Bu mablag‘ni topishning eng oson va qulay usuli o‘z o‘yinchilarini kattaroq summaga sotib yuborishdan iborat.
Bir necha manbalarda qayd etilishicha, lansliklar yanvarda yetakchi o‘yinchilaridan birini qo‘yib yuborishiga to‘g‘ri keladi. Shu ma’noda, klub Husanov transferini 30 million yevro atrofida baholayotgani aytilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar