date
views 289

Abbosbek Fayzullaev: Xolandning koʻzoynagidan ham oldim, mashgʻulotlarga borgim kelmay qoldi...

Abbosbek Fayzullaev: Xolandning koʻzoynagidan ham oldim, mashgʻulotlarga borgim kelmay qoldi...
Abbosbek Fayzullaev — Oʻzbekiston va Rossiyaning eng yorqin futbolchilaridan. 21 yoshli hujumkor futbolchi yosh boʻlishiga qaramay, bugungi kunda SSKA va Oʻzbekiston milliy terma jamoasi etakchisi hisoblanadi.

2024 yilda legionerimiz Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi, Oʻzbekistonda yilning eng yaxshi futbolchisi singari individual sovrinlarni qoʻlga kiritdi.

Fayzullaev jurnalistlarning savollariga javob qaytarib, intervyu berdi.

— Abbos, ishlaring qalay?
— Yaxshi. Mavsumning ancha murakkab oʻtgan birinchi qismi tugab, ta'til davri keldi. Jismonan va ruhan boʻshash muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki oxirgi ikki yilda men atigi ikki hafta dam oldim xolos.

— Terma jamoa tufaylimi?
— Ha. 2022 yilning yozida yoshlar oʻrtasidagi Osiyo kubogida, 2023 yilning bahorida 20 yoshgacha boʻlgan va bizning gʻalabamiz bilan yakunlangan Osiyo kubogida ishtirok etdim. 2023 yilning may oyida yoshlar oʻrtasida jahon birinchiligi boʻldi.

2024 yilning boshida milliy terma jamoa bilan Osiyo kubogiga bordim va bahorda yoshlar terma jamoasida oʻynadim. Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo kubogida ikkinchi oʻrinni egallab, Parij Olimpiadasiga yoʻllanma oldik va bu musobaqada ham oʻynadim.

Qisqasini aytganda, aqlbovar qilmas taqvimni boshdan oʻtkazdim. Shunaqa paytlar boʻldiki, ertalab uygʻonganimda, butun tanam ogʻrirdi, ba'zan hech qanaqa mashgʻulotga borgim kelmasdi. Oʻzimni majburlashimga toʻgʻri kelardi.

— Lekin bu bosqichlarni birorta jarohatsiz oʻtkazishni uddalayapsan-ku...
— Birinchi oʻrinda, Allohdan meni jarohatlardan asrashini soʻrayman. Keyin esa, tiklanishga jiddiy e'tibor qarataman. Bazadan doim oxiri ketaman. Uyimda ham tiklanish uchun barcha sharoit, hatto koʻk rangni filtrlaydigan Erling Xolandning koʻzoynagidan ham bor.

— Ular qanday yordam beradi?
— Bu koʻzoynakni uxlashdan oldin bir necha soat taqib yurish kerak. Uni taqishing bilan organizmda melatonin moddasi ishlab chiqariladi va bu uyquning sifatli boʻlishini ta'minlaydi va shu orqali organizmning tiklanishi yaxshi kechadi. Qoʻshimchasiga, koʻz ham yaxshi dam oladi. Bitta sharti bor, taqqaningdan keyin dastlabki 45 daqiqa ichida birorta gadjetga qaramasliging kerak. Bu juda muhim.

— Bu koʻzoynak haqida qaerdan bilding?
— Birinchi bor Viktor Davilada koʻrgandim. Sinab koʻrdim, effekti menga yoqdi. Undan qaerdan olsa boʻlishini soʻradim, Rossiyada yoʻqligini aytdi. Keyin terma jamoaga borganida bu koʻzoynakni Janubiy Amerikadan olib keldi.

— Qizigʻu...
— Bundan tashqari menda Whoop brasleti bor, u uyquning sifatini aniqlab, tana necha foizga tiklanganini koʻrsatib beradi. Zoʻr narsa.
Davomi bor...
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abbosbek Fayzullaev: Xolandning koʻzoynagidan ham oldim, mashgʻulotlarga borgim kelmay qoldi...