Marko Stanoyevich: "Oʻzimga qolsa, faoliyatimni oxirigacha "Nasaf"da qolgan boʻlardim"

Marko Stanoyevich: "Oʻzimga qolsa, faoliyatimni oxirigacha "Nasaf"da qolgan boʻlardim"
Bu yil 37 yoshga toʻladigan serbiyalik yarim himoyachi Marko Stanoyevich yangi mavsumni Samarqandning “Dinamo” klubida boshlashidan xabaringiz boʻlsa kerak. 5 yil davomida “Nasaf” sharafini munosib himoya qilgan legioner uchun uning Qarshidagi hayoti yakuniga yetdi.

Stanoyevich endi “Dinamo” oʻyinchisi sifatida yangi mavsumga e'tiborini qaratgan. Fursatdan foydalanib, Marko bilan bogʻlandik va u saytimiz uchun “Nasaf”ni tark etishi va “Dinamo”ga oʻtishi haqida gapirdi.

- Marko, “Nasaf”dagi besh yillik faoliyatingiz kutganingizdan ham muvaffaqiyatli oʻtdimi?
- “Nasaf”da oʻtgan besh yil juda yaxshi kechdi. Oʻtgan vaqt davomida koʻplab sovrinlar va unvonga ega chiqdik. “Nasaf”ning asosiy maqsadi ham aslida shu. Klub bunday yutuqlarga chiroyli oʻyinlari orqali erishishni yoqtiradi.

- “Nasaf” sizga nima berdi yoki siz klubga nima bera oldingiz?
- Oʻtgan besh yil davomida men bilan yelkama-yelka toʻp surgan barcha jamoadoshlarimdan xursandman. Ular bilan xuddi aka-ukalardek qadrdon boʻlib ketgandik.

- Ayting-chi, jamoadan ketishni oʻzingiz xohladingizmi yoki...
- Albatta, yoʻq. Bu klub va murabbiy tomonidan qabul qilingan qaror.

- Faoliyatingiz davomida eng koʻp oʻynagan jamoangiz “Nasaf” boʻldi. U yerda 5 yil mobaynida sizni nima ushlab turdi?
- Albatta, besh yil ham oʻziga yarasha vaqt va men hammasi shunday nihoyasiga yetishini xohlamagandim. Oʻzimga qolsa, to faoliyatimning oxirigacha “Nasaf”da jon deb qolgan boʻlardim.

- “Dinamo”ga oʻtishingizga asosiy sabab nima?
- Hali ham futbol oʻynashni xohlayman. Shu bois “Dinamo”dan qoʻngʻiroq qilishganidan keyin oʻylanib oʻtirmadim va darhol rozilik berdim.

- “Nasaf”da bir qancha sovrinlarni qoʻlga kiritdingiz. “Dinamo”da nima yutishni xohlaysiz?
- “Nasaf”da oʻtkazgan besh yil davomida Kubokni, chempionatni va Superkubokni yutdim. “Dinamo”da ham bunday muvaffaqiyatli odimni davom ettirishni istayman. Bu klub bilan ham sovrinlarga ega chiqishimizni juda xohlayman.

Shuhratbek Joʻrayev.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar