16:51 / 26.01.2025
14 444

Abduqodir Husanovning debyuti mutaxassis tomonidan chuqur tahlil qilib berildi

Abduqodir Husanovning debyuti mutaxassis tomonidan chuqur tahlil qilib berildi
Qanday omillar uning golli xatosiga olib keldi? Ikkinchi boʻlim boshidayoq almashtirilishiga asosiy sabab nima? Endi u asosiy tarkibdan tushib qoladimi? Jurnalist Qahramon Aslanov APLdagi ilk oʻzbekistonlik futbolchining debyuti borasidagi fikrlari bilan boʻlishdi.

Kecha butun Oʻzbekiston kutgan oʻyin boshlanib, uch daqiqasi oʻtgach, ustimizga muzdek suv quyildi. Ilk daqiqadayoq Husanovning muvaffaqiyatsiz harakati raqib goliga sabab boʻlgach, yana ikki daqiqa oʻtib Palmerga ishlatilgan qoʻpollik uchun unga sariq kartochka koʻrsatildi. Goʻyoki bundan badtar boʻlishi mumkin emasdek, endi Gvardiola darhol futbolchimizni almashtirib yuborishi yoki qizil kartochka koʻrsatilishi dahshatli tush kabi stsenariyning davomi boʻlishi kutilgandi. Nimalar boʻldi oʻzi?

Oʻyindan oldin

Koʻpchilik hammasini Abduqodirning hayajoni bilan bogʻlayotgan boʻlsa-da, uning bunchalik tez oʻsib borganiga e'tibor bersak, aynan shu jihatdan unda muammo boʻlmasligi lozim. Buni keyinchalik Husanov bilan bogʻliq insaydlardan ham bilib oldik, futbolchida biz oʻylagandek kuchli hayajon boʻlmagan, «Lans» tarkibidagi ilk debyutida kechagidan qiyinroq boʻlgan ekan. Husanovning atrofidagilar dastlabki daqiqalardagi xatolar koʻproq futbolchining oʻyin tonusi bilan bogʻliq, deb hisoblashayotganini rossiyalik insayder Igor Rabiner yozmoqda.

Husanov soʻnggi bor maydonda 22 dekabr kuni «PSJ»ga qarshi oʻynagan edi. Shundan keyin «Manchester Siti» bilan faol muzokaralar davri boshlandi. Bir qator transfer rejalari barbod boʻlgani tufayli, moliyaviy holatini yaxshilash uchun «Lans» kimnidir sotishi talab etilardi. Shu tufayli, frantsuz klubi imkon qadar Husanovni asrashga harakat qilgan va keyingi oʻyinlarga tushirmagan. Nafaqat oʻyinlar, ma'lum boʻlishicha, kutilmagan jarohatning oldini olish uchun u hatto guruh mashgʻulotlaridan ham chetlatilgan va faqat individual shugʻullanib yurgan.

«Manchester Siti»ga oʻtgach, jamoa «PSJ»ga qarshi muhim oʻyin arafasida edi. Tabiiyki, jamoa ichkarisida bor e'tibor Husanov oʻynay olmaydigan oʻsha oʻyinga qaratilgan. Husanovda shugʻullanish uchun faqat bir yoki ikki yengil mashgʻulotlar boʻlganini Pep Gvardiola ham ta'kidlab oʻtdi. Endi tasavvur qiling, qariyb bir oy nafaqat rasmiy, mashgʻulot oʻyinlaridan ham chetda boʻlgan, yangi jamoadoshlari bilan hali biror marta birga oʻynamagan yosh futbolchi yangi ligada, buning ustiga top raqibga qarshi tushib, hammasi joyida boʻlishi juda qiyin masala edi. Tajribali murabbiy shunday vaziyatda qanday qilib yosh futbolchini oʻtga tashladi?

Pep Gvardiola

«Chelsi» bilan oʻyin arafasida Gvardiola ixtiyorida faqat bir nafar tayyor markaziy himoyachi bor edi – Manuel Akanji. Jon Stounz bir oylik jarohatidan soʻng faqat Parijda 12 daqiqa toʻp surdi. Husanov va Reys endigina jamoaga kelib qoʻshilgan. Ruben Diash va Ake jarohatlangan. Uoker ketdi. Gvardiol markazda oʻynashi mumkin, ammo unda qanotda hech kim qolmaydi. Uch kun oʻtib «Manchester Siti»ni «Bryugge»ga qarshi muhim oʻyin kutib turgandi – agar oʻsha oʻyinda gʻalaba qozonilmasa, jamoa Chempionlar Ligasidan chiqib ketadi.

Ya'ni Gvardiolada Husanovdan boshqa variant ham yoʻq edi. Stounzni ilk daqiqalardan tushirish yanada xavfliroq – toʻqson daqiqaga tayyor boʻlmagan himoyachiga nimadir boʻlsa, «Bryugge»ga qarshi oʻyinda tushirishga hech kim qolmasdi. Aslida yosh futbolchilarni asta-sekin jamoaga va ligaga moslashtirib, imkon berish mumkin, ammo murabbiyda boshqa yoʻl ham yoʻq edi. Shu bilan birga tan olish kerakki, Pep Gvardiola ikki kunlik mashgʻulotlardan soʻng qoʻrqmasdan uni maydonga tushirgan ekan, demak Husanov shu qisqa davrda qaysidir jihatdan oʻzini koʻrsata olgan.

Shu oʻrinda murabbiyning hadeb Husanovning ingliz tili bilan bogʻliq muammosini tilga olaverishi biroz ortiqcha tuyulyapti. Aytishlaricha, Husanov ingliz tilini yaxshi tushunadi, faqat hozircha gaplasha olmaydi. Bu mamlakatini almashtirgan koʻp, ayniqsa yosh futbolchilarda kuzatiladigan holat. Bu haqida koʻp gapirilishi hammasini boʻrttirib koʻrsatishi ham mumkin. Agar faqat oʻyindan keyin aytilganida, muvaffaqiyatsiz oʻyin aynan muloqot bilan bogʻliqligi, futbolchining mahoratiga shubha yoʻqligini shu orqali bildirmoqda, degan boʻlardik. Ammo oʻyindan oldin ham ingliz tili haqida koʻp eshitdik.

Noqulay sharoit

Husanov oʻzi uchun noqulay sharoitga tushib qolgani faqat debyut tezlashgani yoki faqat hayajon bilan bogʻliq emas. Moslashishning ham oʻrni juda muhim.

Birinchidan, «Manchester Siti» himoya chizigʻi juda yuqori joylashadigan jamoa sanaladi. «Lans» esa baribir aksariyat oʻyinlarda quyiroqda himoyalanadi. Shuningdek, u Fransiyada ham, Oʻzbekistonda ham uch markaziy himoyachi sxemasida toʻp surib kelganini yoddan chiqarmaslik kerak.

Ikkinchidan, odatda markaziy himoyachilar uslub jihatidan ikki xil boʻladi va bir-birini toʻldiradi. Biri boshqaruvchi, oʻz tajribasi va oʻyinni tushunishi boʻyicha ilgʻorroq boʻladi va sherigining harakatlarini ham nazorat qiladi. Ikkinchisi esa asosan yakkakurashlarda kuchli boʻladi, kerakli paytda agressiv harakat qilishi ham mumkin. Eng zoʻr namuna sifatida Vidich – Ferdinand juftligini eslash mumkin. Yoki «Liverpul»dagi van Deyk – Konate tandemi ham ideal oʻrnak boʻla oladi. Balki kelajakda Husanov boshqaruvchi himoyachi sifatida ham oʻsishi turgan gap, ammo ayni damda uning yonida aynan tajribali boshqaruvchi kerak edi. Diash yoki Stounz bilan balki Husanov oʻzini biroz erkinroq his qilishi ehtimoli kattaroq edi, menimcha. Akanji esa aksincha, Husanovga etarli madadni bermadi, hatto gol oʻtkazib yuborilgan epizodda oʻzini munosib tutmadi, u ayni vazifa va holat uchun ideal sherik emas, degan boʻlardim.

Uchinchidan, agar «Manchester Siti»ning ilk goliga e'tibor bergan boʻlsangiz, ofsayd chizigʻidan oʻng qanot himoyachisi Nunez qochib ketdi. Qaytgan toʻpga zarbani esa chap qanot himoyachisi Gvardiol darvozaga yoʻlladi. Goldan bir daqiqa oldin Gvardiolning oʻzi darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borgandi. Ya'ni «Siti»ning qanot himoyachilari ancha yuqorida oʻynadi, Rodrisiz tayanch zonasida ham himoyalanuvchi futbolchi yoʻq edi. Ya'ni ikki markaziy himoyachi uchun juda katta zona ochiq qolgan, «Chelsi» ilk daqiqalarda bundan foydalanishga urinayotganini sezish qiyin emasdi. Ayniqsa Husanov tomonida sof qanot himoyachisi boʻlmagan Nunez harakatlangani uchun u Sancho – Jekson orasida qolib ketaverdi. Ya'ni debyut oʻyin uchun oʻta noqulay shartlar.

Xato

Dastlabki besh daqiqa rostan ham dahshatli tush edi. Aslida hayajon biz oʻylaganimiz qadar boʻlmaganini Husanovning ilk uzatmasi isbotlashi mumkin. Uning ilk pasi oddiy emas, ancha qiyin ijro edi, ammo aynan oʻsha uzatma yordamida «Manchester Siti» ilk xavfli vaziyatni yaratdi, ammo shu kuni debyut qilgan boshqa bir yangi futbolchi Marmush toʻpni darvozabonning oʻziga qarata tepdi.

Golga sabab boʻlgan xato aslida u qadar qoʻrqinchli emas, shunchaki har qanday tajribali futbolchida ham sodir boʻlishi mumkin boʻlgan xato turiga kiradi. Ya'ni bu xato keyinchalik boshqa raqiblarga ham qoʻl kelishi mumkin boʻlgan Husanovning qandaydir ojiz jihatlarini ochib bermadi.

Esingizda boʻlsa, Lisandro Martinesning «MYu»dagi debyuti «Brayton»ga qarshi oʻyinga toʻgʻri kelgandi. Oʻshanda «Brayton» Martinesning boʻyi pastligidan qanday foydalanishni koʻrsatib bergan, asosan oʻsha zonaga koʻproq yuqori paslar uzatib, bir qator vaziyatlar yaratgandi. Ya'ni oʻsha oʻyin Martinesning kelajagiga ham ta'sir qilishi mumkin boʻlgan darajadagi muvaffaqiyatsiz oʻyin boʻlib, keyinchalik u yaxshi himoyachiga aylangan boʻlsa-da, oʻsha qoʻllanma Martinesni ojiz qoldirish uchun ishlatib kelinadi.

Agar shu jihatdan qarasak, Husanovning xatosi alohida epizod – bundan hech qanday tahliliy xulosa chiqarib boʻlmaydi. Shunchaki, debyut boʻlgani, oʻyinning davomiga ruhiy tomondan ta'sir qilishi nuqtayi nazaridan ogʻir oqibatlarga sabab boʻlishi mumkin edi, xolos.

Sariq kartochka

Aslida goldan koʻra, sariq kartochka Abduqodirning keyingi daqiqalari uchun yanada koʻproq xavf solgani shubhasiz. Agar oʻsha sariq kartochka boʻlmaganda, Husanovni oʻyinga qaytarish osonroq boʻlardi – masalan, Akanji biroz ortga surilib, Husanovni koʻproq oʻzining asosiy quroli yakkakurashlarga jalb etish orqali, ishonch berishi mumkin edi. Bir qator muvaffaqiyatli harakatlar orqali Husanovda xatoni unuttirish imkoni boʻlardi.

Ammo sariq kartochkadan keyin bizda hamma tanigan, «Manchester Siti» katta pul toʻlagan Husanovni koʻrish ehtimolimiz pasaydi, zero riskli harakatlarsiz Abduqodir endi boshqa futbolchi.

«Manchester Siti» futbolchilari Husanov ilk daqiqalardagi bosimni engishida yordam berishgani ham tahsinga sazovor – imkon qadar uni qiyin holatda qoldirmaslikka harakat qilishdi, himoya bloki sal ortga chekinib, Husanovni noqulay shartlardan qutqarishdi, Silva, Gundoʻgʻan kabi futbolchilar esa bild-apda Husanovga yuklatilgan vazifalarni oʻz zimmasiga olishdi. Taym oxirlarida ancha dadil Abduqodirni koʻrdik. Pep Gvardiola birinchi boʻlim uchun kutilmagan muammoga duch kelgan boʻlsa-da, tez almashtirmasdan shu oʻyinning oʻzida Husanovni oʻyinga qaytara olganiga rahmat aytish kerak.

Oʻz navbatida, «Chelsi» ham yomon oʻynadi. Mehmonlarda «qotillik xususiyati» etishmadi, negadir urilgan tezkor gol jamoaga aksincha ta'sir qildi. Aslida aynan shu ogʻriqli nuqtalarga urgʻu berish orqali Husanov zonasidan ancha koʻproq foyda chiqarish imkoniyati bor edi, nazarimda.

Almashtirish

Almashtirish taymingi Pep tomonidan mukammal belgilandi. Albatta, futbolchini kiyim almashtirish xonasida yoki keyinroq mashgʻulotlarda oʻziga keltirish yoʻli ham bor, ammo bu erda asosiy muammo Husanovga boʻlgan ichki bosimdan koʻra, tashqi bosimlardan himoya qilish vazifasi ham bor edi. Bunday xatolar jamoa ichida oson hal qilinadi, hamma tushunadi, muammo emas. Ammo muxlislar, ayniqsa, matbuot oldida yangi yosh futbolchini asrash yanada qiyinroq. Husanovni qiyin sharoitda maydonga tashlagani tufayli, oʻsha muvaffaqiyatsiz debyutda asosiy mas'uliyat va aybdorlik oʻzida boʻlganini Pep ham anglab etgani shubhasiz. Agar shunday xatoni Pepning eski futbolchisi amalga oshirganda va ustiga sariq kartochka olganida, darhol almashtirilishi ham turgan gap edi.

Tasavvur qilish qiyin emas, ilk daqiqada golga sabab boʻlgan xato va ketidan almashtirish ingliz matbuotida shafqatsiz hujumlarni keltirib chiqargan boʻlardi. Tabiiy ravishda Husanovning debyuti oʻsha muvaffaqiyatsiz harakatlar rakursida tahlil qilinar, Pepning oʻzi ham futbolchidan qoniqmagani haqida turli taxminlar yangrashi mumkin edi.

Husanov oʻziga kelishga ulgurdi, tanaffusda kerakli koʻrsatmalarni oldi, ikkinchi boʻlimda yaxshi harakat bilan Jeksondan toʻpni olib qoʻygani muxlislarga aslida qanday futbolchi sotib olinganining bir uchini namoyish qildi, keyin esa olqishlar ostida maydonni tark etdi. Hammasi joyida.

Keyingi oʻyinlar

Yuqorida aytilgandek, «Bryugge»ga qarshi oʻyinda Husanov maydonga tusha olmaydi, uni faqat pley-off bosqichida qaydnomaga kiritish mumkin. APLdagi keyingi oʻyin esa safarda «Arsenal»ga qarshi kechadi. Katta ehtimol bilan bu oʻyinda Husanov boshlangʻich tarkibda tushirilmaydi. Ammo buni aynan kechagi muvaffaqiyatsiz debyutga bogʻlab tushunmaslik lozim. Chunki aslida kechagi debyut majburiy holatda boʻlganini Pep Gvardiolaning oʻzi ham tan oldi.

Agar bir haftalik toʻliq mashgʻulot jarayoniga ega boʻlinganda, balki Husanov koʻp narsani namoyish qilgan boʻlardi, ammo ayni paytda vaziyat boshqacha – ikki kun «Bryugge»ga qarshi oʻyinga tayyorgarlik koʻriladi, undan soʻng tiklanish va hokazo. Husanovda yana toʻlaqonli mashgʻulot uchun koʻp imkoniyat boʻlmaydi. Tabiiyki, top-raqibga qarshi Pep sinalgan Stounzni tushirishi ehtimoli kattaroq. Balki Ake ham oʻsha oʻyingacha tiklanib ulgurishi mumkin.

Yaxshiyamki, debyutni uzoq kutmadik, Husanov qachon tusharkin, degan uzoq muddatli kutishlar boʻlmadi. U maydonga tushdi, koʻnglimiz joyiga tushdi, tarqalamiz. Endi Reys va Husanovning adaptitsiya jarayoni boshlanadi. Pep Gvardiola asta-sekinlik bilan yangi futbolchilarni oʻz oʻyiniga oʻrgatishni, raqiblarga moslashtirishni boshlaydi.

Biz nafaqat bir oʻyinda, balkim butun mavsumlarda ham oʻzini koʻrsata olmagan, koʻpchilik tomonidan Angliyaga mos emas, deb aytilgan koʻplab himoyachilar keyinchalik yulduzga aylanganini koʻrganmiz. Hozirda «Arsenal»ning etakchi himoyachisi Gabriyel to Saliba bilan sherik boʻlguncha juda omadsiz oʻyinlar oʻtkazganini koʻrganmiz. Hatto van Deyk yoki Varan kabi elit himoyachilar ham ogʻirroq xatolardan xoli boʻlmaganini bilamiz. Oʻziga berilgan vaqtdan Abduqodir qanchalik tez va oʻrinli foydalanishiga guvoh boʻlganmiz. Omad.

Qahramon Aslanov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanovning debyuti mutaxassis tomonidan chuqur tahlil qilib berildi