17:23 / 04.02.2025
32

Alisher Nikimbayev bilan katta intervyu (2-qism)

Alisher Nikimbayev bilan katta intervyu (2-qism)
Taniqli xalqaro futbol mutaxassisi, Katar Futbol Assotsiatsiyaning katta texnik eksperti Alisher Nikimbayev bilan katta intervyu tashkil qildik. Suhbat jarayonida Nikimbayev OʻzPFL va umuman oʻzbek futbolidagi muammolar, Katanesning murabbiylik faoliyati hamda Husanovning "Siti"ga oʻtishi haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

Mazkur intervyuning birinchi qismi

- OʻzPFLning reglamenti va ularning amalda ishlamayotgani haqida kanalingizga ketma-ket postlar yozdingiz? Diyor Imomxoʻjayev esa bunga javoban "X" sahifasida "Alisher akamni yana tushiga kiribman. Hech narsani (aslida biroz qoʻpolroq soʻz ishlatilgan) bilmaydigan va faqat uni kuzatadiganlarni aldab oʻtiribdi, deya fikr bildirdi. Bu haqda nima deya olasiz?

- Diyorning "X" sahifasidagi postiga izoh berishning oʻzi notoʻgʻri. Odam shunaqa gapirgandan keyin nima deyish mumkin? Bu uning tarbiyasi va saviyasi. Biroq oʻsha postning izohlaridagi savollarga shunaqa javob berdiki, u baribir reglamentlarni bilmas ekan. U aytdiki, klublar futbolchilarni xohlagan sonida, xohlagan vaqtda roʻyxatdan oʻtkazishi mumkin deyapti. Biroq FIFA reglamentida futbolchilarni roʻyxatdan oʻtkazish faqat reglamentda yozilgan davrda mumkin, deb yozilgan. Menimcha, u reglamentlarni oʻqib chiqishi kerak.

- Klublarimizning boqimandaligi haqida koʻp gapiramiz. Ustiga-ustak, qaysidir jamoa chempion boʻlishni istab qolsa, byudjetni ayamay, legionerlarni tarkibga qoʻshib oladi yoki Superliganing eng yaxshilarini oʻz tarkibiga yigʻib oladi. E'tibor bersangiz, vaqti-vaqti u yoki bu klubning tarkibi tezda kuchayib ketadi. Maqsadiga etsa yoki eta olmasa, yana pozitsiyasini oʻzgartiradi. Buni men sun'iy hashamat, deb atagan boʻlardim. Sizning bu haqda fikringiz qanday?

- Toʻgʻri aytyapsiz. Aksar klublarimizda aniq qandaydir sistema yoʻq. Tizim borlari esa 1-2 ta boʻlishi mumkin. Qolganlari katta byudjet sarflab, futbolchilarni olib kelyapti. Keyin esa oʻsha oʻyinchilarga maosh toʻlay olmay, tekinga ketishiga ruxsat berilyapti. Shunday holat vujudga keldiki, moliyaviy tomondan muammosi boʻlmagan, yuqori oʻrinlar uchun kurashmagan boʻlsa-da, barqaror moliyalashtirilgan "Metallurg" ham yoʻq boʻlib qolyapti. Bundan oldin "Turon" ham yoʻq boʻlib qoldi va yana bir qancha shu kabi holatlar vujudga keldi. Mana, "Metallurg" ligada ishtirok etmasligi ma'lum boʻlgach, "Olimpik"dan voz kechdi. Keyin esa 15 yillik tanaffusdan soʻng "Xorazm" qaytarildi. Biroq "Xorazm" qancha vaqtga etadi, degan savol bor? Umid qilamizki, koʻp muddat ligada qoladi, lekin koʻzim etmayapti. Oʻtgan mavsum Pro ligada 6-oʻrinni olgan jamoa dabdurustdan Superligada paydo boʻlib qoldi va ularga biroz qiyin boʻladi, chamamda. Muammo shundaki, klublarimizga futbolning keragi yoʻq. Rahbarlar qancha pul bersa, oʻshanga yarashadi. Xoʻjayinlar koʻproq pul ajratsa, maqsad biroz kattalashadi, miqdor kamaygan paytda esa ligada jon saqlash uchun harakat qiladi. Shuning uchun, Oʻzbekistonda futbol biznesi rivojlanmasa, hammasi odatdagidek davom etaveradi va bundan ham koʻp muammolarga duch kelishimiz mumkin.

- Klublarimiz hamon boqimanda ekanligini inobatga olsak, asosiy urgʻuni yosh futbolchilarimizning etishib chiqishiga qaratishimiz, ularga koʻproq imkoniyat berishimiz, akademiyalardan muntazam foydalanishimiz kerak. Biroq aksar klublarimiz akademiyalaridan koʻp ham foydalanmaydi. Jumladan, soʻnggi paytlar koʻp muhokama qilinayotgan "Neftchi" ham tarkibiga 16 nafar futbolchini qoʻshib olgan va ularning ichida eng yoshi Ibrohimhalil Yoʻldoshev (23 yosh). Liga shu jarayonni nazorat qilish uchun qat'iy qoidalar joriy qilish oʻrniga, klublarimizning istaklariga imkon qadar moslashayotgandek, aksar hollarda ularning xohishi bilan ish koʻrayotgandek tuyuladi, ba'zan. Sizning bu haqda fikringiz qiziq?

- Klublar olayotgan pullarini akademiyalarga sarflashmaydi. Ularga bugun va faqat natija kerak. Kim klubda ishlasa, u murabbiy, xoh biror lavozimdagi shaxs boʻlsin, maqsad faqat natija. Ertangi kun ular uchun muhim emas. Aniq ayta olamanki, klublarimizda strategiya yoʻq. Balki "Nasaf" va "Paxtakor"da boʻlishi mumkin. Biroq qolgan klublar "kun oʻtdi, shunga ham shukr" deyishyapti. Yosh futbolchilarga imkon berish oʻrniga, yoshi katta legioner yoki mahalliy futbolchilar jamoalarda yigʻilib qolmoqda, 4-5 nafar futbolchi yigʻilib olib, bir klubda oʻynab, keyingi mavsum hammasi boshqa klubga koʻchib oʻtyapti. Agar klublarga futbol odamlari, bugundan koʻra koʻproq ertani oʻylaydiganlar kelmasa, hammasi shu ahvolda qoladi.

- Limitdan tashqari futbolchilarni roʻyxatdan oʻtkazish jumlasi va bu amaliyot sizni hayron qoldirgani haqida yozdingiz va "Neftchi" misolida reglamentga mutlaq nomutanosib ish tutilayotganini aytdingiz. Bu vaziyat uchun OʻzPFL qanday kontr argument berishi mumkinligi sizni qiziqtirmadimi?

- Albatta, meni qiziqtiradi. Nima asosda bu ishlar qilinyapti, degan savolni ham berdim yozgan postimda, ammo savolga javob olmayapmiz. Toʻgʻri, Diyor "X" sahifasida toʻliq emas, qisqaroq qilib yozdi. Nima emishki, xohlagan vaqtida, xohlagancha miqdorda futbolchilarni roʻyxatdan oʻtkazish mumkin ekan. Biroq limitdan tashqari tushunchasi qanaqa ekanligi haqida toʻliq tushuntirish berilmadi. Eng qizigʻi, savolni men beryapman, ammo oʻzim oʻzbek futboli ichida ishlamayman. Menga javob bermaslikka haqqi bor va talab qilmayapman ham. Lekin futbolimizni ichidagilar, klublarda ishlayotganlar shunaqa savollarni bermayapti. Ularga qiziq emas ekan. Aytganimdek, kun oʻtsa, shunga ham shukr deyishyapti. Hammasi bir-biriga bogʻliq, aslida. Ularda ertaga futbolimiz nima boʻladi? Reglamentda nima yozilgan? Bu oʻzi toʻgʻrimi? Qizigʻi yoʻq ularga. Shuningdek litsenziyalashtirish masalasi ham muammolardan biridir. 19 ta OFK litsenziya aprel va mayda berilyapti. Biroq mavsum martda boshlanmoqda. Qanday qilib bir yil oldin litsenziya olish mumkin? "Xorazm" oʻtgan yili mayda litsenziya olgan boʻlsa, bu yil yanvarda vaziyatni yana tasdiqlash kerak boʻlib qoldi. Hayron qolaman, nahotki bularning barchasi bitta faqat menga qiziq?

- Diyor Imomxoʻjayev 2020 yilda Alisher aka OʻzPFLni tanqid qiladi, lekin OʻFAni tanqid qilmaydi, degandi. Bu haqda nima deya olasiz?

- Men OʻFAni ham tanqid qilganman, agar kanalimni kuzatgan boʻlsangiz. Biroq asosiy savol boshqacha boʻlishi kerak. Men uning gaplarini tanqidga javob bermasdan, aravani quruq olib qochish deb baholagan boʻlardim. Tanqid oʻrinlimi, yoʻqmi, degan savol boʻlishi kerak. Agar chindan ham oʻrinli boʻlsa, OʻFAni tanqid qilamanmi, OFKni tanqid qilamanmi, farqi nima? Diyordan avval Farhod Magomedov davrida ham, boshqalarning davrida ham tanqid qilganman. Bunaqa gaplar tanqidga qarshi argument keltirolmay, undan qochish sanaladi.

- Echim har doim va har qanday vaziyatga nisbatan boʻladi. Klublarimiz va OʻzPFLni koʻp tanqid qiluvchi kam sonli insonlardan biri sifatida ularning har ikkisiga birdek mos tushuvchi qanday maslahat va takliflar bera olasiz?

- Echim, maslahat va taklif bitta. Birinchi navbatda, oʻzimizni aldashni toʻxtatishimiz kerak. Shuningdek, mustaqil audit chaqirtirib, reglamentlar FIFAga mos keladimi yoki yoʻq, shuni tekshirish kerak. Bundan tashqari, futbolimiz qayerga qarab ketyapti? Nima boʻladi? Hammasini moliyaviy tomondan tahlil qilish lozim. Klublar qancha pul olyapti? Nimaga sarflayapti? Bularning barchasini tahlil qilish orqali muammolarni bartaraf etish mumkin. Mayli, klublarning smetasi toʻliq ochiqlanmasin, yopiq majlis boʻlsin, lekin baribir qandaydir yigʻilish, ichki majlis boʻlishi, klublar va OʻzPFL oʻrtasida koʻproq muloqot oʻtkazilishi kerak.

Karim Xudayqulov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport