30 103
Terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqish yo‘lida. Bu borada Yevropada nima deyishyapti?

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yili AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan jahon chempionatiga chiqish uchun juda yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib turibdi.
Milliy jamoamizning ikki vakili – Eldor Shomurodov va Abduqodir Husanov Yevropaning “top-ligalari”da o‘ynayotgani bois, Yevropadagi manbalar futbolchilarimizning jahon chempionatiga chiqish yo‘lidagi kurashiga ham e’tibor qaratmoqda.
Xususan, ispan tilidagi nufuzli manbalardan biri – ole.com.ar portali O‘zbekistonning mundialga chiqish yo‘lidagi ustunliklariga e’tibor qaratdi.
- Eldor Shomurodov va Abduqodir Husanov yetakchiligidagi O‘zbekiston jahon chempionatiga chiqishni ko‘zlayapti. Markaziy Osiyoning bu vakili seshanba kuni o‘zi uchun tarixiy bo‘lgan yo‘llanmani qo‘lga kiritishi mumkin.
2026 yilgi mundialning Osiyo saralash turniri kulminatsion nuqtasiga keldi. Uchta mezbon davlatdan tashqari, musobaqaga yo‘l olgan birinchi terma jamoa Yaponiya bo‘ldi. 25 mart kuni Osiyo qit’asining ikkinchi vakili ummonortiga borish huquqini rasmiylashtirishi mumkin. Eron va O‘zbekiston to‘qnashuvidagi g‘alaba g‘olibni mundialga yaqinlashtiradi, hatto tomonlarni durang ham qoniqtiradi.
Ilgari futbol olamining eng nufuzli musobaqasida qatnashmagan markaziy osiyoliklar seshanba kuni bu masalani muddatidan avval hal qilishi mumkin. Biroq bu bir necha omillarga bog‘liq bo‘ladi.
Eng birinchisi va asosiysi – o‘zbeklar Tehronda mag‘lubiyatga uchramasligi kerak. Ular saralash musobaqasining ikkinchi bosqichida buni bir bor uddalagan va Erondagi o‘yinda hisob ochilmagan edi.
O‘zbeklar Tehronda g‘alaba qozongan taqdirda, ushbu bahs bilan bir kunda o‘tkaziladigan uchrashuvlarda KXDR Birlashgan Arab Amirliklarining hamda Qirg‘iziston Qatarning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymasligi shart. Garchi arab terma jamoalari ayni paytda raqiblaridan kuchli hisoblansa-da, futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Osiyo futbol konfederatsiyasi vakillari orasida kuchli hisoblansa-da, terma jamoaning darajasini asosan ikki buyuk futbolchi – Abduqodir Husanov va Eldor Shomurodovning Yevropaning top-klublarida o‘ynayotgani yuqoriga ko‘tardi.
Terma jamoa tarixidagi eng zo‘r to‘purar va sardor hisoblangan Eldor Shomurodov Italiya chempionatida “Roma” sharafini himoya qilmoqda. Ma’lum muddatni ijara asosida boshqa klublarda o‘tkazgan hujumchi joriy mavsumda tobora ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda. Xususan, 2025 yil davomida u atigi uchta uchrashuvni o‘tkazib yubordi, xolos.
21 yoshli Abduqodir Husanov qishki transferlar davrida Angliya Premer-ligasining amaldagi g‘olibi “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tgani uning faoliyatida katta burilish yasadi.
2023 yili 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionati ishtirokchisi sifatida Argentinaga kelgan himoyachi avval Fransiya chempionatida “Lans” o‘yinlarida o‘zini ko‘rsatib, Xosep Gvardiola nazariga tushdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasida Shomurodov va Husanov timsolida tajriba va yoshlik shijoatining uyg‘unlashgani va ular yordamida mahalliy yulduzlarning o‘z yurti bayrog‘ini Shimoliy Amerikada ko‘tarish orzusi bu terma jamoani navbatdagi jahon chempionati syurpriziga aylantirishi kutilmoqda, - deb yozmoqda ole.com.ar portali ekspertlari.
Demak, O‘zbekiston milliy terma jamoasi va futbolchilarining faoliyati xorij mamlakatlari ekspertlari diqqat-markazida turibdi. Hozircha, hammasi yigitlarning qo‘lida. Ko‘p narsa Erondan qanday natija bilan qaytishimizga bog‘liq. So‘nggi ikki o‘yin – to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchi va ta’qibchilarimiz hisoblangan Qatar va Birlashgan Amirliklariga qarshi o‘tkazilishi ham terma jamoamiz o‘z taqdirini o‘zi hal qilishidan dalolat beradi. Bizga esa, masala yechimining oxirgi uchrashuvga taqalmagani ma’qul. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar