
2028 yilda AQSHning Los-Anjeles shahrida o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayoni qizg‘in davom etmoqda. Musobaqalar ro‘yxatida bir qator yangiliklar qayd etildi. Ulardan eng e’tiborlisi — futbol bo‘yicha jamoalar sonidagi o‘zgarish.
Xususan, yangi qarorga muvofiq, erkaklar terma jamoalari soni 16 tadan 12 taga kamaytirildi. Evaziga ayollar jamoalari uchun ajratiladigan kvota 12 tadan 16 taga ko‘tarildi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati rasman ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi Olimpiya o‘yinlarida — ya’ni 2024 yilgi Parij Olimpiadasida vaziyat aksincha edi. O‘shanda erkaklar uchun 16 jamoa, ayollar uchun esa 12 jamoa ishtirok etgan. Endi esa FIFA va Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi tomonidan ayollar futboliga bo‘lgan e’tibor sezilarli darajada orttirilmoqda.
Shu o‘rinda muxlislarimiz uchun qiziq bir fakt: 2024 yilgi Olimpiadada O‘zbekistonning 23 yoshgacha bo‘lgan terma jamoasi ham maydonga tushgan edi. Temur Kapadze boshchiligidagi yoshlar Ispaniya, Misr va Dominikan Respublikasiga qarshi bahs olib borib, afsuski, guruh bosqichini 1 ochko bilan yakunlagan.
Endilikda esa barcha nazarlar 2028 yilga qaratiladi. Ayollar terma jamoalari uchun ochilgan yangi imkoniyatlar orasida O‘zbekiston ham o‘z o‘rnini egallay oladimi? Vaqt ko‘rsatadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!