date
views 10 093

Eldor Shomurodovning yangi jamoasi "Toronto" bo‘ladimi? Ummonorti klubidan qiziqarli taklif bor

Eldor Shomurodovning yangi jamoasi "Toronto" bo‘ladimi? Ummonorti klubidan qiziqarli taklif bor
So‘nggi yillarda AQSH va Kanada klublari ishtirok etadigan MLS chempionati tez sur’atlarda rivojlanmoqda. Bugun bu musobaqa jahon futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lib, ko‘plab yevropalik yulduzlar uchun jozibali yo‘nalishga aylangan. Bu chempionatning kuchayishiga eng asosiy sabab – Yevropada nom qozongan futbolchilarning ko‘paygani bo‘lmoqda.

Kanadaning eng mashhur klublaridan biri bo‘lgan "Toronto"ning bu yilgi mavsumi og‘ir kechmoqda. Chempionatdagi dastlabki sakkizta o‘yinda jamoa birorta g‘alaba qozona olmadi. To‘rtta o‘yin durang natija bilan yakunlangan bo‘lsa, yana to‘rtta uchrashuvda mag‘lubiyat qayd etildi. Bunday holatda klub muxlislari rahbariyatdan vaziyatni yaxshilay oladigan yangi transferlarni intizorlik bilan kutishmoqda.

Hozirgacha "Toronto" faqat birgina doimiy transferni amalga oshirgan. Bu – Londonning "Arsenal" klubi yoshlar jamoasida tarbiyalangan himoyachi Zeyn Manluis. Qolgan yangi o‘yinchilar – Teo Korbeanu ("Granada"), Maksim Dominges ("Vasko da Gama") va Ola Brinxildsen ("Midtyulland") esa ijara asosida olingan va ulardan hozircha kutilgan natija chiqmayapti.

Jamoada Yevropa futbolida katta nom qozongan ikki mashhur italiyalik – Federiko Bernardeski va Lorenso Insine ham bor. Lekin ularning jamoaga keltirgan foydasi hali kutilgan darajada emas.

"Toronto" rahbariyati hujum chizig‘ini yanada kuchaytirishga qaror qildi. Bu maqsadda klub bir nechta nomzodlarni o‘rganib chiqmoqda. Eng qizig‘i, ular orasida "Roma" klubida asosiy o‘yinchilardan biri bo‘lgan o‘zbek legioneri Eldor Shomurodovning ham nomi bor. Shuningdek, ispaniyalik mashhur futbolchi, "Sevilya" hujumchisi Suso ham "Toronto"ning diqqat markazida turibdi.

"Toronto" bosh murabbiyi Robin Freyzer vaziyatga aniqlik kiritdi:
"Hozircha yangi transfer bo‘yicha aniq kelishuv yoki muzokaralar boshlanmagan. Bu kabi katta transferlarni amalga oshirish uchun vaqt kerak. Biz bu masalaga yozgi transfer davrida yana qayta olamiz".

Ma’lumot uchun, MLS da ikkinchi transfer oynasi 24 iyuldan boshlanib, 21 avgustgacha davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov ummonorti klublari nazariga tushganiga ancha vaqt bo‘ldi. O‘tgan yili AQSHning "Atlanta Yunayted" jamoasi o‘zbek futbolchisini sotib olishga juda yaqin kelgan, biroq bu transfer amalga oshmay qolgan edi.

Hozirgi kunda Eldor Shomurodov "Roma"da ajoyib o‘yin ko‘rsatmoqda va klub rahbariyati uning shartnomasini 2027 yilgacha uzaytirdi. Lekin yozgi transfer davrida o‘zbek hujumchisi uchun yana qiziqarli takliflar bo‘lishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodovning yangi jamoasi "Toronto" bo‘ladimi? Ummonorti klubidan qiziqarli taklif bor