date
views 46

UEFA Chempionlar ligasida qo‘shimcha bo‘limlarni bekor qilmoqchi

UEFA Chempionlar ligasida qo‘shimcha bo‘limlarni bekor qilmoqchi
UEFA kelasi mavsumdan boshlab Chempionlar ligasidagi o‘yinlarning pley-off bosqichida qo‘shimcha bo‘limlarni bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. «Bild» nashrining xabar berishicha, Yevropa futbolining boshqaruvchi tashkiloti Chempionlar ligasi reglamentiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha klublarning fikrini o‘rganyapti.

Hozirda pley-offda ikki o‘yin natijalari bo‘yicha durang holati kuzatilganda, jamoalar qo‘shimcha bo‘limlarda kuch sinashadi. Yangi taklifga ko‘ra, hisob teng bo‘lganda g‘olibni darhol penaltilar seriyasi orqali aniqlash rejalashtirilmoqda. Bu o‘zgarish futbolchilarning jismoniy yuklamasini ancha kamaytirishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, umumiy bosqich jadvalida yuqori sakkizlikka kirib, nimchorak finalga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqqan jamoalarga pley-offning barcha bosqichlarida pastroq o‘rinlardagi jamoalarga qarshi ikkinchi o‘yinlarni o‘z maydonida o‘tkazish huquqini berish taklif qilinmoqda. Bu qoida hozirda faqat nimchorak final bosqichida amal qiladi.

Bundan tashqari, bir mamlakatdan bo‘lgan klublarni chorak finalgacha ajratib qo‘yish masalasi ham muhokama qilinmoqda. Buning sababi, dastlabki bosqichlarda bir mamlakat klublari o‘rtasidagi o‘yinlar muxlislar va translyatsiya egalari uchun qiziqarli bo‘lmaydi, deb hisoblanmoqda.

Chempionlar ligasi nizomiga kiritiladigan o‘zgarishlar haqidagi yakuniy qaror UEFA Musobaqalar qo‘mitasi tomonidan 30 may kuni Myunxen shahrida o‘tkaziladigan UEFA assambleyasida qabul qilinishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » UEFA Chempionlar ligasida qo‘shimcha bo‘limlarni bekor qilmoqchi