date
views 31

Joau Felish "Flamengo" safiga qo‘shiladimi? Klubning portugaliyalik yulduzga qiziqishi katta

Joau Felish "Flamengo" safiga qo‘shiladimi? Klubning portugaliyalik yulduzga qiziqishi katta
Portugaliyalik iqtidorli futbolchi Joau Felish bu yozda o‘z karyerasini kutilmagan joyda — Braziliyaning mashhur "Flamengo" klubida davom ettirishi mumkin. Bu haqda Britaniyaning "Sky Sports" nashri ma’lum qilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Braziliya futboli grandlaridan biri hisoblangan "Flamengo" klubi Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga (KO‘JCH) jiddiy tayyorgarlik ko‘rish va jamoani kuchaytirish maqsadida Felishni o‘z safida ko‘rishni istamoqda. Eslatib o‘tamiz, mazkur turnir 15 iyundan 13 iyulgacha AQSHda o‘tkaziladi.

"Flamengo" klubi rahbariyati musobaqada yuqori natijaga erishishni asosiy maqsad qilib belgilagan va shu sababli transfer bozorida faol ish olib bormoqda. Jamoaning eng muhim transfer maqsadlaridan biri aynan Joau Felish hisoblanadi. Ma’lumki, portugaliyalik futbolchi joriy mavsumni "Milan" klubi safida ijara asosida o‘tkazdi. U fevral oyidan buyon Milan klubida 16 ta o‘yinda maydonga tushgan bo‘lsa-da, italiyaliklar uning ijarasini uzaytirishga qiziqish bildirmayapti.

Hozirda Felishning shartnomasi "Chelsi" klubiga tegishli bo‘lib, u londonliklar bilan yana olti yillik kelishuvga ega. Ammo futbolchining kelajagi katta ehtimol bilan yana bir marta ijara orqali hal qilinadigan ko‘rinadi. Bunday holatda "Flamengo" klubi uni yoz oylaridagi jahon chempionati uchun tarkibga qo‘shib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

E’tiborlisi, agar ushbu transfer amalga oshsa, Felish 20 iyun kuni Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati doirasidagi o‘yinda aynan o‘zining asosiy klubi – "Chelsi"ga qarshi maydonga tushishi mumkin. Bu holat, shubhasiz, futbol muxlislarining qiziqishini yanada oshiradi.

Joau Felishning "Flamengo"ga o‘tishi nafaqat Braziliya klubi, balki futbolchi uchun ham muhim qadam bo‘lishi mumkin. Sababi, ushbu turnirdagi yaxshi natija futbolchining kelajakdagi klub tanlovi va karyerasi uchun muhim rol o‘ynashi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Qisqa vaqt ichida ushbu transfer bo‘yicha aniqlik kiritilishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Joau Felish "Flamengo" safiga qo‘shiladimi? Klubning portugaliyalik yulduzga qiziqishi katta