date
views 60

Sergey Chigodayev: Bolalarni ham jismonan, ham ruhan tayyorladik

Sergey Chigodayev: Bolalarni ham jismonan, ham ruhan tayyorladik
Toshkent shahri yana bir muhim xalqaro futbol musobaqasiga mezbonlik qilmoqda. Joriy hafta poytaxtimizda CAFA U-17 turniri start oladi va bu musobaqa mamlakatimiz futbol hayotidagi yana bir muhim voqelik sifatida tarixga kirishi aniq. Musobaqa oldidan an’anaviy matbuot anjumani tashkil etildi. Unda O‘zbekiston U-16 terma jamoasi bosh murabbiyi Sergey Chigodayev ishtirok etib, jamoaning tayyorgarlik jarayonlari, maqsadlari va umidlari haqida fikr bildirdi.

Mutaxassis o‘z so‘zida, CAFA turnirini jamoa uchun juda foydali tayyorgarlik maydoni deb hisoblashini ta’kidladi. “Musobaqada ishtirok etayotgan jamoalarni Toshkentda ko‘rish — quvonarli holat. Bu turnir Osiyo Kubogiga tayyorgarlikning muhim bosqichidir. Nafaqat biz, balki boshqa terma jamoalar uchun ham tajriba almashish, kuch sinash va o‘yin uslubini sinab ko‘rish imkoniyati bo‘ladi,” — dedi Chigodayev.

Futbolchilarning holati — diqqat markazida

Murabbiyga ko‘ra, bu yoshdagi futbolchilarning sport formasi doim bir xil bo‘lmaydi. Ular turli darajada jismoniy va ruhiy holatda bo‘lishadi. Ammo bu borada murabbiylar shtabi tayyorgarlik jarayonida barcha omillarni hisobga olgan. “Bizda boshqa jamoalarga nisbatan ko‘proq tayyorgarlikka vaqt bo‘ldi. Bu imkoniyatdan oqilona foydalandik. Jismoniy tayyorgarlik, ruhiy tayyorgarlik va taktik yondashuvni yaxlit tarzda olib bordik. Bolalardagi ruhiy barqarorlik bu yoshda hal qiluvchi ahamiyatga ega, va biz buni ham yetarli darajada ishlab chiqdik,” — deya ta’kidladi mutaxassis.

Qisqa vaqtda 3 o‘yin — muammo emas

CAFA U-17 musobaqasi taqvimi bir haftada 3 ta o‘yinni o‘z ichiga oladi. Bu holat ko‘pchilikda futbolchilarning jismoniy chidamliligi borasida savollar tug‘dirishi mumkin. Lekin murabbiyga ko‘ra, jamoa tiklanish jarayonida hech qanday muammoga duch kelmaydi. “Birinchi o‘yindan so‘ng bizda 3 kun tayyorgarlikka vaqt bo‘ladi. Bu yetarli muddat. Bazamizda barcha sharoitlar mavjud — tiklanish uchun zarur vositalar, tibbiy yordam, mutaxassislar. Buning uchun qayg‘urmasak ham bo‘ladi,” — deydi u.

Har bir futbolchi o‘z imkoniyatini oladi

Sergey Chigodayev turnirdagi rotatsiyalar haqida ham fikr bildirdi. Murabbiyning ta’kidlashicha, qaydnomaga kiritilgan 20 nafar futbolchining har biriga imkoniyat beriladi. “Bu turdagi musobaqalar orqali yosh futbolchilarda xalqaro maydonda harakat qilish tajribasi shakllanadi. Ular o‘yin ritmi, raqiblar basimi va muxlislar bosimida o‘zini qanday tutishni o‘rganadi. Biz shunga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz,” — dedi u.

Tabiiy maydon — futbolchi uchun qulay muhit

Tojikistonda o‘tkazilgan turnirlardan farqli o‘laroq, bu galgi musobaqa Toshkentda tabiiy qoplamali maydonlarda tashkil etiladi. Bu futbolchilar uchun katta afzallik. Chigodayev bu haqda: “Tabiiy maydonlarda jarohat olish ehtimoli ancha kamayadi. Futbolchilar o‘zini erkin his qiladi, tezlik va harakatdagi ishonch ortadi. Bu esa nafaqat ularning salomatligi, balki o‘yin sifatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi,” — deya izoh berdi.

CAFA turniri O‘zbekiston terma jamoasi uchun imtihonli sinov bo‘ladi. Ammo jamoa murabbiyi va futbolchilardagi ishonch, tayyorgarlik va jamoaviy ruh bu musobaqada yuqori natijalarga erishish imkoniyatini ochib beradi. Toshkentdagi futbol maydonlari yangi yulduzlarni dunyoga tanitishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sergey Chigodayev: Bolalarni ham jismonan, ham ruhan tayyorladik