date
views 6 666

O‘zbekiston mundialga yo‘l oldi: futbolchilarimizning o‘yini qanday baholandi?

O‘zbekiston mundialga yo‘l oldi: futbolchilarimizning o‘yini qanday baholandi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilda AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan muhim o‘yinda BAAga qarshi bahsda hisob ochilmadi – 0:0. Ushbu natija bilan Timur Kapadze boshqaruvidagi jamoamiz 18 ochko to‘plab, guruhda birinchi o‘rinni saqlab qoldi va uzoq kutilgan orzularni ro‘yobga chiqardi.

Mazkur bellashuvda futbolchilarimiz namoyish etgan o‘yin «SofaScore» platformasi tomonidan alohida baholandi. O‘zbekistonning asosiy tarkibida maydonga tushgan futbolchilarning o‘yin darajasi quyidagicha ko‘rinish olgan:

Darvozabonimiz O‘tkir Yusupov bahsning eng yaxshi futbolchisi sifatida 8.4 ball bilan qayd etildi. Yusupovning o‘yini jamoani bir necha bor xavfli vaziyatlardan saqlab qolgani sabab, mutaxassislar tomonidan yuqori bahoga loyiq ko‘rildi.

Himoya chizig‘imizdan Hojiakbar Alijonov (7.4) o‘zining harakatchanligi va qat’iyligi bilan ajralib turdi. Rustam Ashurmatov (7.1) va Husniddin Aliqulov (7.0) ham ishonchli harakat qildi. Abduqodir Husanov (6.8) va Farrux Sayfiyev (6.8) esa o‘yin davomida raqibning hujumlariga munosib qarshi tura oldilar.

Markaziy chiziqda Odil Hamrobekov 7.1, Otabek Shukurov esa 7.3 ball bilan qayd etildi. Bu ikki futbolchi jamoamizning o‘yinini nazorat qilishda muhim rol o‘ynadi va bir qator vaziyatlarda raqibning hujumlarini muvaffaqiyatli qaytara oldilar.

Hujumdagi yetakchilarimizdan Jaloliddin Masharipov eng faol bo‘lib, 7.5 ball oldi. Oston O‘runov (6.5) va Eldor Shomurodov (6.1) ham raqib jamoaning himoyasini bosim ostida ushlashga urindi, biroq bugun ularning zarbalari darvozaga yo‘l topa olmadi.

Zaxiradan maydonga tushgan Abbosbek Fayzullayev 6.7, Hojimat Erkinov 6.5, Sherzod Nasrullayev 6.4 va Abdurauf Bo‘riyev esa 6.3 ball bilan baholandi. Ular maydonga tushgach, jamoamizning hujum sur’atini oshirishga yordam berdi.

Shu tariqa, bugun O‘zbekiston futbol tarixida yangi sahifa ochildi. Jahon chempionatida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritgan jamoamizning navbatdagi uchrashuvi 10 iyun kuni Toshkent shahrida Qatar termasiga qarshi o‘tkaziladi. Bu uchrashuv chempionat oldidan jamoamizning o‘z muxlislari oldidagi kichik bayramiga aylanishi kutilmoqda.

Milliy jamoamizni yana bir bor ushbu tarixiy muvaffaqiyat bilan qutlab qolamiz!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston mundialga yo‘l oldi: futbolchilarimizning o‘yini qanday baholandi?