
O‘zbekiston milliy terma jamoasining darvozaboni O‘tkir Yusupov BAAga qarshi tarixiy uchrashuvdan so‘ng o‘zining his-tuyg‘ulari bilan o‘rtoqlashdi va muhim g‘alaba haqidagi taassurotlarini bildirdi.
– Bu tarixiy natija bilan butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklayman. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bizga bildirgan ishonchi hamda xalqimizning samimiy duolari tufayli bugungi kunda katta yutuqni qo‘lga kiritdik. Yillar davomida armon bo‘lib kelgan orzuga chek qo‘ydik va xalqimizga katta sovg‘a taqdim etdik.
Bugungi bahsda durang natija ham biz uchun yetarli edi. Havo harorati yuqori va namlik darajasi juda baland bo‘lgani bois, maydonda o‘zimizni jismoniy jihatdan yaxshi his qilishimiz qiyin bo‘ldi. Shunday murakkab sharoitda o‘z jamoamizning shifokorlari va Rossiyaning SSKA klubidan kelgan tibbiy xodimlar bizga ko‘p yordam berishdi. Tanadan chiqadigan suv va minerallar miqdorini nazorat qilib, bizga maxsus vitaminlashtirilgan yordam ko‘rsatishdi. Shifokorlarning bu yordami biz uchun nihoyatda foydali bo‘ldi va o‘z vazifamizni yaxshi uddalashimizga katta hissa qo‘shdi.
– Darvozangiz yonida bugun ko‘plab xavfli vaziyatlar yuzaga keldi. O‘yinga qanday tayyorgarlik ko‘rgan edingiz?
– Har bir darvozabon maydonga tushishdan avval birinchi navbatda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolishni maqsad qiladi. Men ham bugun ota-onamning duolarini olib, darvozamizga gol o‘tkazmaslikni niyat qilgandim. Jamoamga shunday tarzda foydam tegganidan bag‘oyat xursandman.
– Siz uchun eng murakkab vaziyat qaysi bo‘ldi?
– O‘yin davomidagi har bir epizod o‘z o‘rniga ko‘ra muhim va murakkab edi. Raqib jamoa muntazam ravishda hujum uyushtirib turgani bois, doimiy bosim ostida edik. Lekin shunga qaramay, ularning barcha hujumlarini muvaffaqiyatli ravishda bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldik, – dedi Yusupov.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar