
O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbol tarixida yangi sahifa ochdi. Mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan futbolchilarimiz uzoq yillik orzularni amalga oshirib, birinchi marta jahon chempionatida qatnashish huquqiga ega chiqishdi. Bu tarixiy voqea 2026 yilda AQSH, Kanada va Meksika davlatlari mezbonlik qiladigan mundial saralashi doirasida Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi bo‘lib o‘tgan hal qiluvchi uchrashuvda qayd etildi.
Ushbu o‘yin uchun milliy jamoamizga durang natija ham kifoya edi. Biroq maydon egalari uchun yagona maqsad – faqat g‘alaba edi. Shu boisdan BAA terma jamoasi bu bahs oldidan jiddiy o‘zgarishlar qildi. Jumladan, amirliklar milliy jamoasining boshqaruvi rumin mutaxassisi Kosmin Olariuga topshirildi. Shuningdek, jamoaga Braziliyadan kelib mahalliylashtirilgan 5 nafar yuqori saviyali futbolchilar qo‘shildi. Bu esa o‘yin oldidan raqibimizga qo‘shimcha ustunlik berishga urinish sifatida baholandi.
To‘qson daqiqadan ortiqroq davom etgan uchrashuvda juda qattiq va asabiy kurash kechdi. Mezbonlar bir necha xavfli vaziyatlar yaratdi, ammo O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi Timur Kapadze tomonidan puxta o‘ylangan taktika va futbolchilarning jangovor ruhi kerakli natijani ta’minladi. Ayniqsa, jamoa darvozaboni O‘tkir Yusupov bir nechta ajoyib seyvlar bilan jamoa durangni saqlab qolishiga katta hissa qo‘shdi. U bu o‘yinda haqli ravishda uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida e’tirof etildi.

Tabiiyki, bu g‘alaba mamlakatimiz uchun ulkan bayramga aylandi. Milliy termamizning ushbu ulkan muvaffaqiyati nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro maydonda ham katta shov-shuvga sabab bo‘lmoqda. Butun dunyodagi futbol muxlislari, nufuzli klublar va ekspertlar bu yangilikka e’tibor qaratmoqda. Jumladan, jamoamizning yetakchilari bo‘lgan futbolchilarning Yevropa klublari ham bu voqeaga befarq qolishmadi.
Italiyaning mashhur "Roma" klubi milliy terma jamoamiz sardori va hujumchisi Eldor Shomurodovni tabriklab, o‘zining rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida quyidagi bayonotni tarqatdi:
«Eldor Shomurodovni tarixiy natija bilan samimiy tabriklaymiz! U o‘z terma jamoasi safida mamlakat futbol tarixida ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanma oldi va biz uning ushbu muvaffaqiyatidan g‘ururlanamiz».
Eldor Shomurodov haqiqatdan ham milliy jamoa uchun hal qiluvchi o‘yinlarda muhim rol o‘ynadi. U saralash bosqichlarida Turkmaniston, Qirg‘iziston hamda Gonkong darvozalariga gollar kiritib, jamoaga muhim ochkolar olib keldi. Saralashdagi o‘yinlarda u jami 4 ta gol va 4 ta golli pas berib, umumiy hisobda 8 ta golga bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng yaxshi to‘purari hisoblanadi – u milliy jamoa libosidagi 81 ta o‘yinda 41 marta raqib darvozasini ishg‘ol qilgan.

Shu bilan birga, milliy jamoamizning yana bir yetakchi futbolchisi, Rossiyaning SSKA klubi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev ham o‘z klubidan iliq tabrik qabul qildi. Moskvalik klub o‘zining rasmiy kanali orqali yosh futbolchimizni quyidagi so‘zlar bilan tabrikladi:
«Abbosbek Fayzullayev va O‘zbekiston milliy terma jamoasini ushbu tarixiy natija bilan chin dildan muborakbod etamiz! Abbos va uning jamoasi o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanma olib, barchamizni quvontirdi!»
Abbosbek Fayzullayev milliy terma jamoaga 2023 yili birinchi marta jalb etilgan bo‘lsa-da, qisqa muddatda asosiy o‘yinchilardan biriga aylandi. Saralash bosqichi davomida u Qatar darvozasiga ikki marta, Shimoliy Koreya va Eron termalariga bittadan gol urdi hamda ikki marta golli pas berishga muvaffaq bo‘ldi. U milliy jamoa safida jami 26 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol kiritdi.

Hozirda O‘zbekiston futbol muxlislari tarixiy natijaning zavqini surmoqda. Endilikda ular AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan mundialda milliy terma jamoamizga katta umidlar bilan qarashmoqda. O‘zbekiston termasining xalqaro maydondagi ushbu ishtiroki mamlakatimiz futbolining yangi davrini boshlab beradi. Muxlislar uchun ham, futbolchilar uchun ham bu faqat boshlanishi bo‘lib, oldindagi yo‘lda yana katta-katta g‘alabalar kutib turibdi.
Hozircha esa milliy jamoamiz ushbu katta g‘alabani nishonlamoqda va yurtimiz futbol ishqibozlari ular bilan birgalikda bayram kayfiyatida! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar