
O‘zbekiston milliy terma jamoasining yetakchi futbolchisi Jaloliddin Masharipov BAA terma jamoasiga qarshi muhim o‘yindan keyin o‘z hissiyotlari bilan bo‘lishdi. Masharipov bu o‘yin o‘zining va jamoadoshlarining butun faoliyatidagi eng murakkab va bosimga to‘la bahs bo‘lganini ta’kidladi.
«Rostini aytsam, bugungi bahs hayotimizdagi eng og‘ir va eng mas’uliyatli uchrashuvlardan biri bo‘ldi. O‘yin oldidan biz sezgan bosim nihoyatda yuqori edi, chunki bu uchrashuv natijasiga ko‘ra, biz faqat g‘alaba yoki durangga erishishimiz shart edi. Lekin bizdagi kayfiyat shunday ediki, go‘yo faqat g‘alaba bizga kerakdek edi. Maydonda har birimiz bor kuchimiz bilan harakat qildik va natijada zarur bo‘lgan ochkoni qo‘lga kiritib, mundial yo‘llanmasini naqd qildik. Bu g‘alabamiz bilan yurtimizning millionlab muxlislarini xushnud qilganimizdan juda baxtiyormiz», – dedi Masharipov.
Shuningdek, Jaloliddin o‘tmishdagi milliy jamoalar tarkibida hozirgi futbolchilardan ko‘ra ko‘plab kuchli va individual mahorati yuqori o‘yinchilar bo‘lganini qayd etdi. Biroq uning fikricha, o‘sha paytda futbolchilar orasida hozirgidek jamoaviy birlik va uyg‘unlik bo‘lmagan.
«O‘ylashimcha, avvalgi saralash bosqichlarida maydonga tushgan futbolchilar shaxsiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha bizdan kuchliroq bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin ularda biz kabi bir butun jamoaviy ruh yo‘q edi. Hozirgi tarkibimiz bilan biz yagona oiladek bo‘lib, har bir uchrashuvda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, yordam berishga harakat qilamiz. Aynan shu kuchli jamoaviy ruh tufayli, biz tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritdik», – deb ta’kidladi Masharipov.
Jaloliddin Masharipovning bu so‘zlari millionlab muxlislarning dilidan joy oldi va jamoaning bugungi muvaffaqiyatini yanada yorqinroq namoyon etdi. Bu g‘alaba orqali O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z tarixida ilk marta jahon chempionatida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar