date
views 1 133

"Orzu ro‘yobga chiqdi: O‘zbekiston qahramonlarini Toshkentda katta tantana bilan kutib olishdi!"

"Orzu ro‘yobga chiqdi: O‘zbekiston qahramonlarini Toshkentda katta tantana bilan kutib olishdi!"
O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA Jahon chempionati yo‘llanmasini tarixda ilk bor qo‘lga kiritib, xalqimizga katta shodlik va g‘urur bag‘ishladi. Jamoamiz Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tgan hal qiluvchi uchrashuvdan keyin Toshkentga qaytib keldi. Yurtdoshlarimiz chempionlarimizni qarshi olish uchun Toshkent aeroportiga ertalabdanoq yig‘ilishgan edi.


Samolyot zaminga qo‘ngan paytda milliy jamoamizni kutib olish uchun maxsus tantanali tadbir tashkil etildi. Qizil gilam yoyilgan, davlatimiz bayroqlari jilvalangan aeroportda futbolchilarimizni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Bahodir Qurbonov va boshqa yuqori martabali rahbarlar quchoq ochib, iliq so‘zlar bilan kutib olishdi.

Samolyotdan tushgan futbolchilar va jamoa bosh murabbiyi Temur Kapadzega guldastalar taqdim etildi. Har bir o‘yinchiga alohida e’tibor ko‘rsatilib, ularning yuksak natijalari uchun minnatdorchilik bildirildi. Terma jamoamiz a’zolari yurtdoshlarimizning qo‘llab-quvvatlashidan xursand bo‘lib, chin dildan tashakkur aytishdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tarixiy natijani qo‘lga kiritgan terma jamoa a’zolariga "O‘zbekiston Iftixori" unvonini berishga qaror qildi. Shuningdek, futbolchilarimizga davlatimiz rahbarining maxsus sovg‘asi sifatida BYD Champion rusumli avtomobillar taqdim etiladi.

Tantanali kutib olish tadbiridan so‘ng jamoa a’zolari aeroportda OAV va muxlislar bilan uchrashdi. Jamoaning yetakchilari, murabbiy Temur Kapadze va sardor Eldor Shomurodov o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, xalqimiz va yurtboshimizga ko‘rsatilgan e’tibor va ishonch uchun alohida minnatdorlik bildirishdi.

Bu tarixiy yutuq yurtimiz futbolidagi yangi bosqichning boshlanishi bo‘lib, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘sini yanada oshirishga xizmat qiladi. Milliy jamoamizning ushbu buyuk g‘alabasi barchamizga muborak bo‘lsin!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Orzu ro‘yobga chiqdi: O‘zbekiston qahramonlarini Toshkentda katta tantana bilan kutib olishdi!"