
O‘zbek futbolida bir qator muhim transferlar amalga oshgan bo‘lsa-da, Abduqodir Husanovning “Lans”dan to‘g‘ridan to‘g‘ri “Manchester Siti” kabi jahon grandlaridan biriga ko‘chib o‘tishi haqli ravishda tarixiy voqea sifatida baholanmoqda. Bu transfer nafaqat O‘zbekiston, balki Fransiyaning “Lans” klubi uchun ham eng yirik moliyaviy kelishuv sifatida qayd etildi — angliyaliklar yosh himoyachi uchun 40 million yevro to‘ladi.
Bunday ulkan qadamga erishish uchun Abduqodir katta mehnat va sabr bilan yo‘l bosib o‘tdi. Uning jahon futbolidagi sinovli yo‘li “Bunyodkor” akademiyasidan boshlangan bo‘lib, keyin Belarusning “Energetik-BGU” klubida professional faoliyatiga kirishdi. Keyin esa Fransiyaning Liga 1 jamoasi “Lans” uni 100 ming yevroga o‘z safiga qo‘shib oldi. Ko‘p o‘tmay, Husanov o‘zini Yevropa sahnasida ko‘rsata oldi.
Uning iqtidori xalqaro skautlar e’tiboridan chetda qolmadi. Husanovning yaqin do‘sti, hozirda Rossiyada taniqli futbolchiga aylangan Abbosbek Fayzullayevning “Nobel” YouTube-kanalidagi intervyusidagi gaplar ham buni tasdiqlaydi. Unga ko‘ra, U-20 jahon chempionatida Argentinaga qarshi uchrashuv paytida skautlar boshqa futbolchini kuzatgan bo‘lsa-da, aynan Husanovning o‘yini ularni hayratga solgan. Shu tariqa, Abduqodirning Yevropadagi karyerasiga yo‘l ochilgan.
Hozirda Abbosbek Fayzullayevning o‘zi ham Yevropaga intilayotgan iqtidor egasi. 2023 yilda “Paxtakor”dan SSKA (Moskva) jamoasiga o‘tgan futbolchi Rossiya Premer-ligasidagi debyut mavsumini juda yuqori darajada o‘tkazdi. Uning faoliyati Rossiya kubogi va chempionatdagi bronza medallari bilan taqdirlandi.
Yevropa grandlari esa Fayzullayevni diqqat bilan kuzatishda davom etmoqda. “Bavariya”, “Monako”, “Jenoa”, “Parma” va “Real Sosedad” kabi klublardan qiziqish bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan. Ammo Abbosning o‘zi hozircha butun diqqatini SSKAdagi faoliyatiga qaratgan va asosiy maqsadi Yevropaning elit klublarida o‘ynash ekanini yashirmayapti.
Abduqodir Husanov va Abbosbek Fayzullayev — bugungi kunda o‘zbek futbolining faxri, kelajakda esa dunyo futbolidagi yulduzlar qatoriga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan iste’dodlar. Ular orqali O‘zbekiston futboli xalqaro sahnada yanada ko‘proq e’tirof va e’tirofga ega bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar