
SSKA jamoasida yangi tarix boshlanmoqda. Serbiyalik mutaxassis Marko Nikolich bilan ajrashgan armiyachilar uchun yangi bosh murabbiy katta ehtimol bilan shveysariyalik Fabio Chelestini bo‘ladi. Bu almashinuv, shubhasiz, jamoa va, ayniqsa, o‘zbekistonlik yosh iqtidor Abbosbek Fayzullayev uchun yangi imkoniyat va istiqbollar eshigini ochadi.
Nikolich davri natijalari
Abbosbek Fayzullayev Marko Nikolich qo‘l ostidagi mavsumda RPL va Rossiya Kubogida 39ta uchrashuvda maydonga tushdi, 3ta gol va 8ta assistga mualliflik qildi. SSKA Rossiya chempionatida bronza medallariga ega chiqdi va mamlakat Kubogini boshi uzra ko‘tardi. Bu esa, shubhasiz, Fayzullayevning katta sahnaga chiqishida muhim bosqich bo‘ldi.
Chelestini: an’ana va islohotlar murabbiyi
Marko Nikolichdan so‘ng bo‘shab qolgan lavozimga asosiy nomzod — 49 yoshli Fabio Chelestini. Uning so‘nggi jamoasi Shveysariyaning “Bazel” klubi bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, 2023 yil oktyabrida “Bazel” musobaqa jadvalida oxirgi pog‘onada edi, ammo Chelestini zahiradan klubni qo‘lga olib, qisqa vaqt ichida chempionat oltini va Kubokni olib berdi. Murabbiy sifatida u “Son”, “Lyutsern”, “Lozanna”, “Lugano” va “Terrachina” kabi klublarda ham faoliyat olib borgan.
Chelestini futbolchilik faoliyatida Fransiya va Ispaniyaning "Marsel", "Trua", "Xetafe" va "Levante" jamoalarida 100dan ortiq o‘yinda qatnashgan.
Murabbiyning uslubi va yoshlarga ishonchi
Fabio Chelestini 4-2-3-1 taktikasiga mukammallik baxsh etgan mutaxassis sifatida tanilgan. “Bazel” uning qo‘l ostida 38 o‘yinda 91ta gol urdi va ayrim uchrashuvlarda raqiblar darvozasiga 5tadan to‘p yo‘lladi. Zarur pallada esa sxema va taktikalarida fleksibillik namoyon etdi, ayrim uchrashuvlarda uch markaziy himoyachi bilan harakat qildi.
Chelestinining yosh futbolchilarga ishonch bildirish xususiyati ham alohida qayd etiladi. O‘tgan mavsum “Bazel”da eng ko‘p o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan futbolchilarning aksariyati 21-23 yosh oralig‘ida edi. Kreativ, tezkor va driblingga ega bo‘lgan o‘yinchilar, xususan Abbosbek Fayzullayev kabilar uchun bu eng yaxshi sharoitdir.
Fayzullayev uchun yangi sinov va yangi rollar
Tahlilchilar fikricha, Fayzullayev Chelestinining uslubida qanot vingeri yoki “desyatka” pozitsiyasida o‘zini ko‘rsata oladi. Yangi murabbiy yoshlarga to‘liq ishonch bildirishi va ularning iste’dodini ochib berishda mahoratli mutaxassis sifatida tanilgan. Fayzullayev katta ehtimol bilan jamoa hujumining asosiy figuralaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
Xulosa
SSKAda yangi bosqich boshlanmoqda. Chelestini fenomeni va uning yoshlarga tayanuvchi uslubi o‘zbekistonlik muxlislar uchun ham umid bag‘ishlaydi. Abbosbek Fayzullayevning jamoadagi istiqbollari, yangi murabbiy ostida qanday o‘yin ko‘rsatishi esa yangi mavsumning eng qiziqarli intrigalaridan biri bo‘lib qolmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar