date

"Real Madrid" Konate uchun harakatda, Saliba ham radarda

"Real Madrid" Konate uchun harakatda, Saliba ham radarda
Madridning mashhur “Real” klubi yozgi transfer oynasi yakunlanishidan oldin tarkibini yanada kuchaytirish niyatida. Bu safar e’tibor markazdagi himoya chizig‘iga qaratilgan, deb yozdi lequipe.fr va transfernewslive.com.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “qirollik klubi” Angliya Premer-Ligasining kuchli jamoalaridan biri – “Liverpul”da to‘p surayotgan Ibraima Konate uchun rasman so‘rov yuborgan. Klub rahbariyati uning transfer narxini aniqlashga harakat qilmoqda.

Qizig‘i shundaki, Konatening o‘zi ham “Real”dan tushayotgan qiziqishga ijobiy qarayotgani aytilmoqda. Uning “Santyago Bernabeu”da to‘p surish orzusi borligi ta’kidlanyapti.

Bu bilan birga, “Real” boshqa bir iste’dodli himoyachi – “Arsenal” jamoasining markaziy himoyachisi Vilyam Salibaga ham jiddiy nazar tashlamoqda. Uning pozitsiyadagi o‘yini, kuchli figurasi va vaziyatni to‘g‘ri baholay olish qobiliyati jamoa mutaxassislari diqqatini jalb qilgan.

Biroq manbalar ta’kidlashicha, Salibaning transferi Konatening kelishidan ko‘ra ancha murakkab bo‘lishi mumkin. Chunki fransuz himoyachisining londonliklar bilan amaldagi shartnomasi yana kamida ikki yilgacha davom etadi.

Moliyaviy jihatdan ham bu transferlar o‘rtasida sezilarli farq bor. Transfermarkt portali ma’lumotlariga qaraganda, Salibaning bozordagi bahosi taxminan 80 million yevroni tashkil etadi. Konatening narxi esa 60 million yevro atrofida.

Bunday vaziyatda “Real”ning aniq qaror qabul qilishida ikkala futbolchining shaxsiy xohishi, klublar bilan olib boriladigan muzokaralar va moliyaviy muvozanat hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkin.

Futbol muxlislari esa bu jarayonlarni qiziqish bilan kuzatmoqda. Ayniqsa, “Real” markaziy himoyadagi bo‘shliqni kim bilan to‘ldirishi, kelgusi mavsumdagi natijalar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Bu transferlar ortida katta strategik rejalar yotgani shubhasiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Real Madrid" Konate uchun harakatda, Saliba ham radarda