Angliyaning eng nufuzli va doimiy ravishda yutuqlarga erishishga intiladigan jamoalaridan biri – “Manchester Siti” yangi mavsumni katta maqsadlar bilan boshlamoqchi. Xosep Gvardiola boshchiligidagi jamoa nafaqat Angliya Premer-ligasi, balki Yevropa Chempionlar ligasi kabi eng obro‘li musobaqalarda ham g‘olib chiqish uchun kurash olib boradi, deb yozdi angliyalik nashrlar.
Bundan tashqari, “shaharliklar” ichki kuboklar – Angliya Kubogi va Liga Kubogi singari musobaqalarda ham munosib ishtirok etishni ko‘zlab qo‘ygan. Jamoa murabbiyi Gvardiola esa o‘tgan mavsumdagi muvaffaqiyatsizliklardan zarur xulosalar chiqarib, butunlay yangilangan tarkib shakllantirishga kirishdi.
Oxirgi yarim yil ichida “Manchester Siti” bir necha yosh va iqtidorli futbolchilarni o‘z safiga jalb qildi. Ular qatorida Abduqodir Husanov, Vitor Reys, Umar Marmush, Niko Gonsales, Juma Ba, Markus Batinelli, Rayan ayt-Nuri, Rayan Sherki, Sverre Nyupan, Klaudio Echeverri va Jeyms Trafford kabilar bor.
Aniqki, har bir yangi futbolchi hozircha asosiy tarkibdan joy oladi deb bo‘lmaydi. Ayrimlarini boshqa klublarga ijaraga berish jarayoni allaqachon boshlangan va bu ishlar davom ettirilishi kutilmoqda.
Bu yil AQSHda o‘tkazilgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati “Manchester Siti” uchun nafaqat xalqaro sinov, balki yangi futbolchilarni tekshirish imkonini ham berdi. FIFA tashabbusi bilan tashkil qilingan mazkur turnir mavsumlar oralig‘idagi eng yaxshi tayyorgarlik imkoniyatiga aylandi.
Endi esa klub yangi mavsumdagi ilk rasmiy bellashuv – 16 avgust kuni “Vulverxempton”ga qarshi safar uchrashuvi oldidan yana bir sinov uchrashuvini o‘tkazishni rejalashtirgan. Ushbu o‘yin 9 avgustdan 10 avgustga o‘tar kechasi, Toshkent vaqti bilan 00:00 da start oladi va Italiyada “Palermo” jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadi.
Muhimi shundaki, Gvardiola bu o‘yinga 22 nafar mukammal tayyorgarlikka ega futbolchini jalb etdi. Ular orasida o‘zbekistonlik yosh iqtidor sohibi Abduqodir Husanovning ham borligi futbol ishqibozlari uchun alohida quvonch bo‘ldi.
Jamoaning Italiyadagi o‘yin uchun e’lon qilingan ro‘yxati:
Darvozabonlar:
Ederson, Jeyms Trafford.
Himoyachilar:
Riko Lyuis, Abduqodir Husanov, Ruben Diash, Mateus Nunes, Manuel Akanji, Jon Stounz, Natan Ake, Rayan Ayt-Nuri, Niko O'Reyli.
Yarim himoyachilar:
Niko Gonsales, Bernardu Silva, Ilkay Gyundog‘an, Tijani Reynders, Rayan Sherki, Divayn Mukasa.
Hujumchilar:
Erling Xoland, Umar Marmush, Oskar Bobb, Savino, Jeremi Doku.
Jurnalist Saymon Baykovskining ma’lum qilishicha, murabbiylar shtabi bir qator futbolchilarni ushbu o‘yinga jalb etmagan. Masalan, Jeyms MakEyti, Jek Grilish va Shtefan Ortega yaqin kunlarda jamoani tark etadi, shu bois ular ro‘yxatdan chiqarilgan. Shuningdek, Yoshko Gvardiol, Rodri, Fil Foden va Klaudio Echeverri to‘liq jismoniy tayyorlikka ega emas.
Markus Bettinelli, Mateo Kovachich va Kalvin Fillips esa jarohatlarini davolash bilan band bo‘lib, hozircha maydonga tusha olmaydi.
“Manchester Siti” muxlislari esa yangi mavsumda jamoaning yangilangan va chuqur tarkibi bilan qay darajada muvaffaqiyat qozona olishini katta qiziqish bilan kutmoqda. Ular umid qiladi: klub ko‘p frontda yuksak natijalarga erishadi.
Gvardiolaning 22 nafar mukammal tayyorgarlikka ega futbolchilari...
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar