“O‘zbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–262-son, 21.08.2025 y.) qabul qilindi. Hujjat orqali mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan: moddiy-texnik bazani xalqaro talablarga moslashtirish va futbol maydonlarini ko‘paytirish orqali futbol bilan muntazam shug‘ullanuvchilar sonini oshirish; iqtidorli futbolchilarni saralab olish hamda ularni professional futbolchi sifatida tayyorlash tizimini to‘liq raqamlashtirish.
Qarorga muvofiq, futbol ekotizimini bir nuqtadan boshqarish va ma’lumot aylanishini shifrlangan tarzda yo‘lga qo‘yish maqsadida “Milliy futbol elektron platformasi” axborot tizimi yaratiladi. Mazkur platforma orqali ma’lumotlar yagona reyestrda jamlanib, akademiyalar, maktablar, klublar va federatsiya bo‘g‘inlari o‘rtasida elektron integratsiya ta’minlanadi.
2026 yil 1 yanvardan tajriba-sinov tariqasida futbol akademiya va maktablarining o‘quv-mashg‘ulot jarayonlarini onlayn kuzatish, futbolchilar seleksiyasi hamda tibbiy va jismoniy ko‘rsatkichlarini real vaqtda monitoring qilish aynan shu axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu yangilik seleksiyada ochiqlik va tezkorlikka xizmat qilib, iqtidorlarni erta aniqlashga keng yo‘l ochadi.
Shuningdek, 2026 yil 1 martdan futbol o‘yinlariga chiptalarni xarid qilish shaxsni identifikatsiya qilish mexanizmlari hamda matritsali shtrix-kod (QR kod) texnologiyalarini qo‘llashni nazarda tutuvchi maxsus onlayn axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu yondashuv stadionlarda xavfsizlikni oshirish, “chipta qora bozori”ning oldini olish va muxlislar uchun tezkor, shaffof xizmat ko‘rsatishga qaratilgan.
Qisqasi, PQ–262 raqamli qaror futbol infratuzilmasini zamonaviy standartlarga yaqinlashtirish, seleksiya va tayyorlov tizimini raqamlashtirish, shuningdek, muxlislar uchun chipta sotib olish tajribasini osonlashtirishga xizmat qiladi. Yangi platforma va axborot tizimlari bosqichma-bosqich ishga tushirilishi natijasida futbol ommaviyligi kengayadi, klublar va terma jamoalar uchun ma’lumotga asoslangan qarorlar qabul qilish amaliyoti yanada mustahkamlanadi.
Prezident qarori: futbol raqamlashuvi, ID chipta va seleksiya
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar