Bishkek shahrida start olgan U-23 Osiyo Kubogi saralash bosqichida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi o‘zining ilk uchrashuvini o‘tkazdi. Ravshan Haydarov shogirdlari maydonda Shri-Lankaga qarshi kuch sinashib, 4:0 hisobidagi yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi va guruhdagi birinchi uch ochkosini o‘z hisobiga yozib qo‘ydi.
O‘FA matbuot xizmatiga ko‘ra, bahsdan keyingi matbuot anjumanida bosh murabbiy Ravshan Haydarov uchrashuv haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
«Butun bellashuv davomida ustunlik biz tomonda bo‘ldi. To‘p ustidan nazoratni qo‘limizdan chiqarmadik. Albatta, Shri-Lanka jamoasi ham ancha qat’iyat bilan himoyalandi. Biroq biz baribir yo‘l topib, raqib darvozasiga to‘rt marta yo‘l topdik. Eng asosiysi, musobaqadagi dastlabki g‘alabamiz va bu orqali qo‘lga kiritgan uch ochko juda katta ahamiyatga ega».
Haydarov, shuningdek, jamoa o‘yini haqida ham to‘xtaldi:
«O‘yin davomida faol harakat qildik, hujumda tashabbus ko‘rsatdik va ko‘plab vaziyatlar yaratdik. Biroq ularning hammasini golga aylantira olmadik. Shu bilan birga, Shri-Lanka termasi himoyada katta mehnat qildi, ularning tuzilishi ham diqqatga sazovor edi. Bu raqibning o‘yiniga hurmat bilan qaraymiz».
Yirik hisobdagi g‘alaba bilan musobaqani boshlagan yoshlar termasi endilikda keyingi uchrashuvlarda ham shunday kuch va shiddatni saqlab qolishni maqsad qilmoqda. Muxlislar uchun esa bu yutuq, albatta, katta quvonch va kelajakka ishonch uyg‘otdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!