date

Rovshan Meredov: «Mundial qatnashchisiga qarshi o‘ynashning o‘zi katta tajriba»

Rovshan Meredov: «Mundial qatnashchisiga qarshi o‘ynashning o‘zi katta tajriba»

CAFA Nations Cup 2-turi doirasida Turkmaniston terma jamoasi O‘monga qarshi bahsda maydonga tushdi va 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Turkmaniston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Rovshan Meredov jurnalistlar savollariga javob berdi.

Murabbiy avvalo shogirdlariga minnatdorlik bildirdi:

— Yigitlarga rahmat aytaman. Biz bor kuchimiz bilan harakat qildik. Lekin natijadan ko‘ra futbolchilarimning jarohat olgani meni ko‘proq qayg‘uga soldi. Bu o‘yinda ko‘plab omillar ta’sir ko‘rsatdi. Asosiy maqsadimiz natija emas, balki futbolchilarimizni ko‘rib chiqish va sinovdan o‘tkazish edi. Endi barcha e’tiborimizni Osiyo Kubogi-2027 saralashiga qaratishimiz zarur.

— Turkmaniston hisobni tenglashtirgan paytga qadar yaxshi o‘ynadi. Bu haqda nima deysiz?

— Darvozaga gol kiritib yuborish rejamizda yo‘q edi, ammo bu holat o‘yin ssenariysini tubdan o‘zgartirmadi. Bunday musobaqalar biz uchun katta tajriba maktabi. O‘mon kabi jamoalar yil davomida ko‘plab yirik bahslarda qatnashishadi. Bizga esa bunday o‘yinlar yetmaydi. Shu bois musobaqa tashkilotchilariga minnatdorlik bildiraman. Mundial qatnashchisiga qarshi o‘ynashning o‘zi katta tajriba. Barcha uch bahsda ham munosib harakat qildik, ayniqsa O‘zbekistonga qarshi hujumkor o‘yin ko‘rsatdik.

— Osiyo Kubogi saralashlari bir oydan kamroq vaqtda boshlanadi. Tayyorgarlik qachon yo‘lga qo‘yiladi?

— Asosiy maqsadimiz Osiyo Kubogiga yo‘llanma olish. Vaqt juda kam, ammo biz barcha imkoniyatlardan unumli foydalanishga harakat qilamiz.

— O‘monning qaysi jihatlari sizlarga ko‘proq qiyinchilik tug‘dirdi?

— Men raqib haqida gapirishni istamayman, asosiy e’tiborim o‘z jamoamda. Lekin aytish kerakki, O‘mon yaxshi shakllangan va kuchli terma jamoa.

— «Arqadag‘» klubi yaqin orada «Andijon»ga qarshi OCHL2 bahsida maydonga tushadi. Bu haqda nima deya olasiz?

— Bu haqda alohida fikr bildirmayman. O‘zingiz kuzatib bilib olasiz. Ammo barcha turkman klublariga xalqaro maydonda muxlislik qilaman. «Andijon» raqibini puxta o‘rganib chiqishi kerak bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rovshan Meredov: «Mundial qatnashchisiga qarshi o‘ynashning o‘zi katta tajriba»