date

Rojer De Sa: «O‘yinlar orqali jahon chempionati saralashiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz»

Rojer De Sa: «O‘yinlar orqali jahon chempionati saralashiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz»

CAFA Nations Cup 2-turidan o‘rin olgan Turkmaniston – O‘mon bahsi 1:2 hisobida yakunlandi. Bellashuvdan keyin O‘mon milliy jamoasi murabbiyi Rojer De Sa matbuot anjumanida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Uning ta’kidlashicha, g‘alaba muhim bo‘lsa-da, o‘yinda yaratilgan ko‘plab imkoniyatlar golga aylantirilmadi:

— Bu g‘alaba. Biroq o‘yinni fantastik darajada deya olmayman, chunki ko‘p vaziyatlarni qo‘ldan chiqardik. Endi guruh g‘olibi keyingi bahsda aniqlanadi. Bugun bir nechta yangi futbolchilarni sinovdan o‘tkazdik. Asli maqsadimiz ham shu edi. Shu turdagi uchrashuvlar orqali Jahon chempionati saralashiga tayyorgarlik ko‘rib borayapmiz, — dedi Rojer De Sa.

Markaziy Osiyo futboli haqidagi savolga javob bergan mutaxassis raqiblarning jismoniy jihatdan kuchli ekanini e’tirof etdi:

— Barcha raqiblar dastlabki 10-15 daqiqani juda kuchli o‘tkazishdi. Ularning barchasi jismoniy jihatdan baquvvat futbolchilarga ega. Atletik jihatdan ham yuqori saviyada. Bu mintaqa futboliga xos jihat, — dedi u.

O‘mon himoyasidagi xatolar haqida ham murabbiy o‘z qarashini bildirdi:

— Ha, himoya chizig‘ida ba’zi muammolar bor. Ilk ikki o‘yinda himoyachilarimizni o‘zgartirishga majbur bo‘ldik. Bu rotatsiya ham, ayrim hollarda esa jarohat sabab amalga oshdi. Ammo xato ustida ishlayapmiz, — dedi u.

Murabbiy jamoaning guruh bosqichidagi ishtirokiga ham to‘xtaldi:

— Uch bahsda 7 ochko jamg‘arish yomon natija emas. Masalan, O‘zbekistonga qarshi uchrashuvda g‘alaba qozonishimiz kerak edi. Biz ko‘p imkoniyatlar yaratdik, ammo gollarning soni yetarli bo‘lmadi. Agar musobaqa oldidan 7 ochko olishimizni aytgan bo‘lishsa, yomon emas degan bo‘lardim, — dedi De Sa.

O‘mon chempionati endi start olgani va futbolchilarning formasi haqida ham u to‘xtalib o‘tdi:

— Hozir ko‘pchilik futbolchilar eng yaxshi holatida emas. Ammo umid qilamanki, klublarga qaytib ko‘proq o‘ynashadi, shu orqali formaga kirishadi va oktyabr oyidagi saralashga yaxshiroq tayyorgarlik bilan kelishadi, — dedi murabbiy.

Shu tariqa, Rojer De Sa o‘z shogirdlari bilan birga kelgusi oydagi muhim saralash bahslariga tayyorgarlikni kuchaytirish niyatida ekanini ta’kidladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rojer De Sa: «O‘yinlar orqali jahon chempionati saralashiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz»