Madridning “Real” jamoasi himoyachisi David Alaba yozgi transferlar davrida klubni tark etish rejasi yo‘qligini aniq bayon qildi.
Ma’lumki, 33 yoshli avstriyalik futbolchi jarohatlari sababli jamoa maosh fondini qisqartirish va moliyaviy mablag‘larni bo‘shatish maqsadida u bilan xayrlashish mumkinligi haqida turli xabarlar tarqalgandi. Ammo futbolchining o‘zi bu mish-mishlarni rad etdi.
— Men futbolda ancha yillardan buyon faoliyat olib boraman va yaxshi bilamanki, turli gap-so‘zlar bu sohaning ajralmas qismi hisoblanadi. Rostini aytsam, ularga ko‘p e’tibor qaratmadim. Hatto ko‘p kuldim, chunki bu xabarlarning barchasi uydirma va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, — dedi Alaba.
Tajribali himoyachi o‘zining holati haqida ham fikr bildirib o‘tdi:
— Hozir o‘zimni yaxshi his qilyapman, so‘nggi haftalarda sezilarli darajada olg‘a siljishga erishdim. Menimcha, milliy terma jamoa safida to‘liq 90 daqiqa maydonda bo‘la olaman. Keyingi bahslarda holatim qanday bo‘lishini ko‘ramiz. Mening asosiy maqsadim — o‘ynash va maydonda doimiy qatnashish, — deb ta’kidladi “Real” va Avstriya terma jamoasi a’zosi.
Alabaning ushbu izohi uning jamoada qolish niyati qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladi. “Real” esa tajribali himoyachini safida saqlab qolish bilan himoya chizig‘idagi barqarorlikni ta’minlab turishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!