UFC’ning 32 yoshli chempion hujumchisi Tom Aspinall o‘z kelgusi rejalari haqida fikr bildirib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha u faqatgina oktagondagi g‘alabalarga yo‘nalgan va boksga o‘tish masalasi kun tartibida emas.
«Ochig‘ini aytsam, hozirda boksga o‘tish haqida o‘ylamadim ham. Mening asosiy maqsadim – o‘z divizionimdagi barcha raqiblarni mag‘lub etib, tozalash. Faqat shundan keyingina, ya’ni menga munosib raqib qolmasa, boksni ehtimoliy yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqishim mumkin», – dedi Aspinall «Bloody Elbow» nashriga bergan intervyusida.
Aspinallning bu so‘zlari muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki so‘nggi yillarda ko‘plab UFC yulduzlari, jumladan, Konor Makgregor yoki Frensis Ngannu katta pul va yangi imkoniyatlar izlab boksga yo‘nalgani ma’lum. Biroq ingliz jangchisi hozircha bunday yo‘lni o‘z rejalariga qo‘shmaganini ochiq-oydin bildirdi.
Shu bilan birga, chempionning e’tibori navbatdagi jangga qaratilgan. 25-oktyabr kuni Abu-Dabidagi «UFC 321» turniri doirasida u fransiyalik Siril Ganga qarshi oktagonga ko‘tariladi. Bu bellashuv og‘ir vazn toifasidagi eng kutilgan janglardan biri sifatida qayd etilmoqda.
Tom Aspinall bu jangda o‘z kamarini himoya qilish bilan birga, o‘zini dunyodagi eng kuchli jangchilardan biri sifatida yana bir bor namoyish etishni maqsad qilgan. Uning aytishicha, hozirgi rejalarida asosiy maqsad – faqat UFC’da o‘z hukmronligini mustahkamlash.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!