Bugun Bishkek shahri katta futzal bahslariga sahna bo‘lmoqda. Osiyo kubogi–2026 saralash musobaqasining F guruhida so‘nggi tur uchrashuvlari start oldi. Mazkur bosqichda peshqadamlikni qo‘lda saqlab turgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi musobaqa mezbonlari — Qirg‘izistonga qarshi maydonga chiqishi kutilmoqda. Bu o‘yin nafaqat guruh taqdirini belgilaydi, balki ikki qo‘shni davlat jamoalari o‘rtasidagi tarixiy raqobatning yangi sahifasiga aylanishi mumkin.
O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov ham o‘yin arafasida Bishkekka yetib keldi. U milliy jamoa a’zolari bilan uchrashib, ularga so‘nggi tur oldidan ruhiy quvvat bag‘ishladi.
“Sizlarning har bir harakatingiz O‘zbekiston nomi bilan bog‘liq. Biz sharoitlarni yaratib beryapmiz, sizlar esa natija bilan xalqni quvontirishingiz kerak. Qirg‘izistonga qarshi bahs katta imtihon bo‘ladi. Shuning uchun maydonda so‘nggi daqiqagacha barcha mahoratingizni ishga solib, kurashishingiz zarur”, — deya ta’kidladi federatsiya rahbari.
Mazkur suhbat terma jamoa futbolchilarining motivatsiyasini oshirishda, ularni mas’uliyatni yanada teran his etishga chorlashda muhim o‘rin tutdi. Bunday uchrashuvlar terma jamoaning birdamligini mustahkamlaydi, o‘yinchilarni sinov oldidan qo‘shimcha ruhiy kuch bilan ta’minlaydi.
Shu tariqa, O‘zbekiston futzalchilari hal qiluvchi o‘yinga maksimal ruhiy va jismoniy tayyorgarlik bilan kirib bormoqda. Muxlislar esa ulardan navbatdagi tarixiy g‘alabani intiqlik bilan kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!