date

Gvardiola “Siti”ning jarohatlardan qiynalayotgan holatini oshkor qildi

Gvardiola “Siti”ning jarohatlardan qiynalayotgan holatini oshkor qildi

Angliya Premer-ligasining 6-turida «Manchester Siti» o‘z maydoni — «Etixad»da «Byornli» jamoasini qabul qiladi. Xosep Gvardiola shogirdlari bu mavsumni kuchli boshlagan bo‘lsa-da, asosiy tarkibdagi bir qator futbolchilarning jarohat olishi jamoa oldida jiddiy muammolarni keltirib chiqardi.

Avvalgi turda «Arsenal»ga qarshi bellashuvda Abduqodir Husanov, Erling Xoland va Niko O’Rayli jarohat olib, o‘yinni yakuniga yetkaza olmagandi. Ayniqsa, Husanovning shikasti jiddiyroq ekani ma’lum bo‘ldi va u bir necha kun davolanishi kerak.

Gvardiola «Byornli»ga qarshi uchrashuv oldidan jamoa holati haqida so‘zlab, bir qator futbolchilar maydonga tusha olmasligini ochiq bildirdi:

— Erling Xoland ushbu bahsga tayyor, ammo Rayan Ayt-Nuri, Rayan Sherki, Umar Marmush va Abduqodir Husanov tarkibda bo‘lmaydi. Mateo Kovachichning maydonga tushish imkoniyati bor, lekin u operatsiyadan so‘ng endigina mashg‘ulotlarga qaytdi va birdaniga asosiy tarkibda o‘ynashga tayyor emas, — dedi Gvardiola.

Ma’lumotlarga ko‘ra, lazaretdagi futbolchilarning tiklanish jarayoni manchesterliklar tomonidan qat’iy nazoratga olingan. Manchesterdagi manbalardan biri, mancitynews.com eksperti Devid Tallingning ta’kidlashicha, Xoland birinchi bo‘lib safga qaytishi kutilgandi va bu ma’lumot o‘z isbotini topdi.

Uning qayd etishicha, Abduqodir Husanov hamda Umar Marmush 5-oktyabrda «Brentford»ga qarshi safar uchrashuvida jamoaga yordam berishi mumkin. Rayan Ayt-Nuri esa xalqaro tanaffusdan so‘ng, 18-oktyabrda «Everton»ga qarshi bahsda maydonga qaytishi ehtimol qilinyapti. Yozda xarid qilingan fransiyalik hujumkor futbolchi Rayan Sherki esa jiddiy jarohati tufayli oktyabr oyini maydondan tashqarida o‘tkazib, 2-noyabrda «Bornmut»ga qarshi bahsda tarkibdan joy olishi mumkin.

Mateo Kovachich va Kelvin Fillips esa operatsiyadan so‘ng mashg‘ulotlarni boshlab yuborgan, murabbiylar shtabi ular sport formasini to‘liq tiklaganidan keyingina asosiy tarkibga kiritilishini ma’lum qilgan.

Angliya Premer-ligasining «Manchester Siti» va «Byornli» o‘rtasidagi bellashuvi 27-sentyabr kuni soat 19:00 da start oladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gvardiola “Siti”ning jarohatlardan qiynalayotgan holatini oshkor qildi