7 avgust kuni Toshkentdagi "Bunyodkor" stadionida jahon estrada yulduzi Jennifer Lopesning katta shou-konserti bo‘lib o‘tgani ma’lum. Biroq tadbirdan so‘ng stadionning chimi qattiq zarar ko‘rib, foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan edi.
O‘zbekiston professional futbol ligasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda stadion maydoni sezilarli darajada tiklana boshlagan.
"Bunyodkor" stadionining asosiy maydonida yangi yashil maysalar unib chiqdi va bugun ularning ilk o‘rimi amalga oshirildi", — deyiladi liga xabarida.
Mutasaddilarning aytishlaricha, stadion maydoniga maxsus parvarish va tiklash ishlari olib borilmoqda. Yaqin orada u yana to‘liq holda futbol bahslari uchun tayyor bo‘lishi rejalashtirilgan.
«Bunyodkor» stadioni asta-sekin o‘zining yana yashil hamda so‘lim qiyofasini tiklamoqda — tez orada bu yerda yana futbol ruhi va muxlislar shovqini seziladi.