2026-yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritgan terma jamoalar soni tobora ortib bormoqda. Hozircha 48 jamoadan 28 tasi musobaqaga chipta qoʻlga kiritdi, deb xabar berdi Reuters.
Oktyabr oyi saralash jarayonlariga toʻliq yakun yasadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bu oyda Misr, Jazoir, Gana, Kabo-Verde, Janubiy Afrika Respublikasi, Qatar, Angliya, Saudiya Arabistoni, Kot-d’Ivuar va Senegal kabi termalar mundialga yoʻllanma oldi. Ular oʻz guruhlarida ishonchli oʻyin namoyish qilib, keyingi bosqichga yoʻl ochdi.
Sentyabr oyi ham futbol tarixida muhim kunlardan biri boʻldi. Ushbu davrda Urugvay, Kolumbiya, Paragvay, Marokash va Tunis kabi jamoalar oʻz tarixlariga navbatdagi mundial sahifasini qoʻshishdi. Bu termalar uchun Jahon chempionati nafaqat sport yoʻnalishidagi muvaffaqiyat, balki mamlakat sharafini yanada yuksaltirish imkoniyatidir.
Bundan oldingi saralash bosqichlarida esa bir qator jamoalar oʻz maqsadlariga yetishga ulgurgan edi. Xususan, Yaponiya, Yangi Zelandiya, Eron, Argentina, Oʻzbekiston, Koreya Respublikasi, Iordaniya, Avstraliya, Ekvador va Braziliya termalari mundialga yoʻl olishgan. Ular orasida ayniqsa Argentina va Braziliya kabi anʼanaviy favoritlar oʻz darajasini yana bir bor isbotladi.
Shu bilan birga, mezbonlar — AQSH, Kanada va Meksika — avtomatik ravishda musobaqada ishtirok etish huquqiga ega boʻlishdi. Ular nafaqat chempionatni qabul qiladi, balki oʻz maydonlaridagi har bir oʻyinni milliardlab muxlislar uchun bayramga aylantirishni rejalashtirmoqda.
Jahon chempionati 2026-yilning 11-iyunidan 19-iyuligacha oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Musobaqa ilk bor uch mamlakatda bir vaqtning oʻzida tashkil etiladi va 48 ta jamoa ishtirok etadi. Bu format tarixdagi eng yirik mundial sifatida qayd etiladi.
Mutasaddilarning taʼkidlashicha, yangi tizim orqali koʻplab mamlakatlarga futbol orqali dunyo miqyosida oʻzini namoyon etish imkoniyati beriladi. Yaʼni, ilgari final bosqichiga chiqish imkoniga ega boʻlmagan jamoalar ham bu safar oʻz sharafini himoya qilish imkoniga ega boʻladi.
Hozirda sarlavhalarda asosiy eʼtibor oxirgi oʻrinlar uchun kurashayotgan Yevropa va Afrika termalariga qaratilmoqda. Chunki qolgan yoʻllanmalar taqdiri aynan ularning bahslarida hal boʻladi.
Bu yil futbol tarixida yangi sahifa ochilishi aniq. Yangi format, yangi mezbonlar va yangi favoritlar bilan Jahon chempionati-2026 butun dunyo uchun esda qolarli boʻlishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!