date

JCH–2026: Superliga klublari FIFAdan katta kompensatsiya oladi

JCH–2026: Superliga klublari FIFAdan katta kompensatsiya oladi

Jahon chempionati nafaqat futbolchilar uchun, balki ularning klublari uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochadi. FIFAning maxsus “Club Benefits Program” dasturi orqali turnirda qatnashgan har bir futbolchining klubi moliyaviy kompensatsiya oladi. Bu tizim 2010-yildan beri amal qilib kelmoqda va har bir mundial bilan ajratilayotgan mablag‘ hajmi sezilarli darajada oshib bormoqda.

Masalan, 2010-yilda Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan chempionatda klublarga jami 40 million dollar to‘langan bo‘lsa, 2022-yil Qatardagi mundialda bu raqam 209 million dollarga yetdi. Har bir futbolchi uchun klublar kuniga 10 950 dollardan, kamida 14 kun uchun 153 300 dollar miqdorida to‘lov qabul qilgan.

FIFA bu yil dasturni yanada kengaytirib, yangi tamoyillar asosida ishlashini ma’lum qildi. 2026-yilda Kanada, AQSH va Meksikada bo‘lib o‘tadigan mundialda ajratiladigan kompensatsiya umumiy hajmi rekord darajada — 355 million dollarni tashkil etadi. Shuning 100 million dollari saralash bosqichida ishtirok etgan futbolchilarni milliy jamoaga yo‘llagan klublar o‘rtasida taqsimlanadi.

Eng qiziq jihati — endi kompensatsiyani faqat futbolchini oxirgi ikki mavsumda ro‘yxatda saqlagan klub emas, balki uni milliy jamoaga saralash yoki JCH bosqichi uchun yuborgan jamoa ham oladi. Bu tizim orqali minglab klublar xalqaro musobaqalardan moliyaviy foyda ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston milliy jamoasining tarixda ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma olgani mamlakat futboli uchun buyuk yutuq bo‘ldi. Endi esa bu muvaffaqiyat Superliga klublariga ham iqtisodiy naf keltiradi.

Qarshidagi «Nasaf» bu jarayonda eng ko‘p vakilga ega klublardan biri. Masalan, Abduvohid Ne’matov (15 o‘yin), Sherzod Nasrullayev (12), Akmal Mozgovoy (10), Zafarmurod Abdurahmatov (4), G‘olib G‘aybullayev (2) va Alibek Davronov (1) terma jamoa qaydnomasiga «Nasaf» futbolchisi sifatida kiritilgan. Shuningdek, Umar Eshmurodov 13 o‘yinning 4 tasida, Bobur Abduxoliqov esa 11 bahsning 8 tasida Qarshi jamoasi a’zosi bo‘lgan.

Bu raqamlar FIFA tomonidan «Nasaf» klubiga katta miqdorda kompensatsiya ajratilishi mumkinligini anglatadi.

Bundan tashqari, Superligada to‘p surayotgan ayrim legionerlar ham o‘z milliy jamoalari bilan saralash bahslarida qatnashgan. Masalan, Joyel Kojo va Kimi Merk — Qirg‘iziston, Zoir Jo‘raboyev hamda Ehsoni Panshanbe — Tojikiston terma jamoasi sharafini himoya qilgan. Demak, ularning klublari ham FIFAning ushbu dasturidan ma’lum miqdorda mablag‘ oladi.

Albatta, saralash bosqichi uchun ajratilgan 100 million dollar dunyo bo‘yicha minglab klublar o‘rtasida taqsimlanadi, ammo o‘zbek klublari uchun bu dastur bir necha yuz ming dollarlik qo‘shimcha daromad degani.

Shunday qilib, Jahon chempionati–2026 nafaqat terma jamoa uchun yangi tarix, balki mahalliy klublar uchun ham moliyaviy imkoniyatlarning yangi eshigini ochmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » JCH–2026: Superliga klublari FIFAdan katta kompensatsiya oladi