Qarshida qish mavsumi yaqinlashar ekan, “Nasaf” jamoasida muhim o‘zgarishlar bo‘lishi ehtimoli yuqori. Sport jurnalisti Narzulla Saydullaevning ma’lum qilishicha, jamoa qishda bir necha yetakchi futbolchilarini yo‘qotishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Oybek Bozorov va Sherzod Nasrullaev jamoani tark etish arafasida. Shuningdek, “ajdarlar”ning asosiy to‘purari Husayn Norchaev ham qishda klub bilan xayrlashishi mumkin.
Barcha futbolchilarning shartnomalari mavsum yakunlanishi bilan tugaydi. Bu esa ularga yangi jamoalar bilan erkin kelishuvga erishish imkonini beradi.
Joriy mavsumda Bozorov “Nasaf” safida 26 ta o‘yinda maydonga tushib, 4 ta gol va 12 ta assist bilan jamoaning muhim figurasi bo‘ldi. Nasrullaev esa 21 uchrashuvda 3 ta gol urib, 2 marta hamkasblariga gol urishida yordam berdi.
Husayn Norchaev esa jamoa yetakchisi sifatida ajralib turdi — u 29 ta bahsda 17 ta gol urdi va yana 2 ta gollarga assist qildi. Uning ketishi “Nasaf” hujum chizig‘i uchun katta yo‘qotish bo‘lishi mumkin.
Qarshilik ishqibozlar hozircha klub rahbariyatidan rasmiy izoh kutmoqda. Biroq ko‘pchilik “Nasaf” qishda yangi loyiha boshlashi, tarkibni yangilashi va yosh futbolchilarga ko‘proq imkoniyat berishi mumkin, deb taxmin qilmoqda.
Qisqasi, “Nasaf” uchun qishki transfer oynasi juda faol va qiziqarli bo‘lishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!