
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola ingliz futboli tarixida chuqur iz qoldirgan ser Aleks Fergyusonning o‘rni haqida samimiy fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi Premer-liga va murabbiylik maktabi aynan shotlandiyalik afsona asos solgan tizimdan ilhomlangan.
«Hamma narsa ser Aleks bilan boshlanadi, keyin esa biz kelamiz. Uning “Manchester Yunayted”ga bo‘lgan ta’siri shubhasiz. Biroq gap faqat bir jamoa haqida emas — u butun ingliz futbolidagi tafakkurni o‘zgartirdi. U boshqalarni ham yangi darajaga olib chiqdi», — dedi Gvardiola Sky Sports’ga bergan intervyusida.
Ispaniyalik mutaxassis o‘z faoliyatining dastlabki yillarida Fergyuson bilan uchrashganini ham eslab o‘tdi:
«Men 37 yoshda edim, “Barselona”da ishlayapman, u esa allaqachon futbol afsonasiga aylangandi. Ammo men bilan suhbatda juda oddiy, insoniy munosabatda bo‘ldi. Shu paytda men undan katta hurmat, samimiyat va kasbga sadoqatni o‘rgandim. Bu har qanday murabbiy uchun ulkan maktab», — dedi Pep.
Gvardiola shuningdek, ser Aleks bilan Premer-ligada to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobat qilib ulgurmaganidan afsuslanganini tan oldi, biroq u bilan tanish bo‘lganidan faxrlanishini ta’kidladi.
«Biz maydonda raqib bo‘lmadik, ammo uning ilhomini hamon his qilaman. Har bir murabbiy — xoh Ispaniyada, xoh Angliyada bo‘lsin — Fergyusonning izidan ketayotganini anglaydi. Uning izini o‘chirish mumkin emas», — dedi «Manchester Siti» ustozi.
Ma’lumot uchun, ser Aleks Fergyuson 26-yil davomida «Manchester Yunayted»ni boshqarib, klub bilan 38 ta sovrin qo‘lga kiritgan. Uning rahbarligida “qizil iblislar” Angliya va Yevropa futbolidagi eng muvaffaqiyatli jamoaga aylangandi.
Gvardiolaning bu so‘zlari futbolidagi avlodlar almashinuvini yorqin namoyon etdi: yangi murabbiylar avlodi, hatto raqobatchi bo‘lsa ham, o‘z yo‘lida ser Aleks Fergyusonning ta’sirini his etishda davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!