
Sobiq "Spartak" va SSSR terma jamoasi darvozaboni Anzor Kavazashvili FIFAning Jahon chempionati final bosqichida qatnashuvchi jamoalar sonini oshirish qarorini qoʻllab-quvvatlamaydi. Bu haqda u "Evro-Futbol.Ru" internet nashriga bergan intervyusida oʻz fikrlarini bildirdi.
"Bilasizmi, ochigʻini aytsam, FIFA moliyaviy daromadni oshirish uchun qoʻldan kelgan barcha ishni qilmoqda. Jamoalar soni qancha koʻp boʻlsa, homiylardan keladigan daromad shuncha koʻp boʻladi.
Shuningdek, koʻproq mamlakatlarga translyatsiyalar uzatiladi, va buning uchun pul toʻlanadi. Bu – katta mablagʻ ishlab topish uchun amalga oshirilayotgan strategiya.
Goʻyoki FIFA shundoq ham juda boy tashkilot emasdek. Lekin hozirgi kunda Jahon chempionatiga oʻrtamiyona mamlakatlar juda koʻp chiqmoqda.
Bu futbolning global kapitalizatsiyasini oshirish uchun qilingan qadam. Jamoalar soni shu darajada oshirildiki, uchta mamlakat musobaqalarni oʻtkazishga birlashdi.
Agar ular bir davlatda oʻtkazishsa, oʻyinlarga ulgurishmaydi. Bu faqat tijorat maqsadlariga xizmat qiladi.
Menimcha, tijorat – yaxshi narsa. Lekin Jahon chempionatida qatnashishga loyiq boʻlmagan oʻrtamiyona jamoalar ishtirok etayotgani meni qattiq ranjitadi.
Qaysi jamoalar ekanligini aytmoqchi emasman, chunki kimdir mendan xafa boʻlishini xohlamayman," – dedi Kavazashvili. Eslatib oʻtamiz, 2026-yilgi Jahon chempionati AQSh, Meksika va Kanadada 11-iyundan 19-iyulgacha boʻlib oʻtadi.
Unda rekord darajadagi jamoalar – 48 ta terma jamoa ishtirok etadi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.