
2026 yilgi Jahon chempionatiga qur’a tashlanishi milliy futbolimiz uchun yangi tarixiy sahifa ochdi. O‘zining ilk mundialiga yo‘l olgan O‘zbekiston “K” guruhiga tushdi va bu yerda uni Portugaliya hamda Kolumbiya kabi kuchli raqiblar kutib turibdi. Uchinchi jamoa esa mart oyida aniq bo‘ladi — bu Kongo Demokratik Respublikasi, Yangi Kaledoniya yoki Yamaykadan biri bo‘lishi mumkin.
Futbol olamida katta qiziqish uyg‘otgan qur’adan keyin sun’iy intellekt ham guruhdagi vaziyatni tahlil qilib, O‘zbekistonning pley-offga chiqish ehtimollarini baholab berdi. Ushbu baholar rasmiy prognoz bo‘lmasa-da, vaziyatni anglashga yordam beradigan muxim mezon sifatida ko‘rilmoqda.
Portugaliya – guruh yetakchisi
Rafael Leau, Ruben Diash, Brunu Fernandesh kabi yulduzlarga to‘la tarkib mundial uchun asosiy favoritlardan hisoblanadi. O‘zbekiston uchun bu uchrashuvda eng muhim vazifa — yirik hisobda mag‘lubiyatdan qochish. Durang esa nafaqat sensatsiya, balki pley-off uchun katta “bonus” bo‘ladi.
Kolumbiya – beqaror, lekin kuchli raqib
Jismoniy quvvati yuqori, texnik ko‘nikmalari yaxshi jamoa. Biroq ularda ba’zan barqarorlik yetishmaydi. Shu jihatdan, O‘zbekiston uchun Kolumbiyadan ochko olish imkoniyati real hisoblanadi. Bu o‘yin guruh taqdirida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Kongo DR / Yangi Kaledoniya / Yamayka – eng qulay raqib
Hozircha aynan qaysi jamoa bizga raqib bo‘lishi aniq emas. Ammo sun’iy intellekt Kongo DRni himoyadagi tartibsizliklar sabab eng “qulay” raqib deb ko‘rmoqda. O‘zbekiston bu uchrashuvda g‘alabaga mo‘ljal qo‘yadi.
Guruhdan chiqish formulalari
A-variant: 2-o‘rin uchun kurash
Bu yo‘lning asosiy sharti — afrikan raqibni mag‘lub etish. Kolumbiyaga qarshi kamida durang qayd etilishi lozim. Portugaliyaga qarshi yirik hisobda mag‘lubiyatga yo‘l qo‘yilmasa, 4 ochko bilan 2-o‘rin imkoniyati juda yuqori bo‘ladi.
B-variant: eng yaxshi 3-o‘rinlar orqali chiqish
Fabio Kannavaro jamoasi 3–4 ochko to‘plab, to‘plar nisbatini ijobiy ushlab tursa, 3-o‘rin orqali ham pley-offga yo‘l olishi mumkin.
Taxminiy imkoniyatlar:
— 1–2-o‘rindan chiqish ehtimoli: 20–30%
— 3-o‘rin orqali o‘tish ehtimoli: 15–20%
— Umumiy pley-off imkoniyati: 35–45%
Xulosa
O‘zbekiston bu guruhda mutlaq autsayder emas. Qayta aksincha — tarkibi jiddiy kuchaygan, intizomi mustahkam, o‘z uslubiga ega jamoa sifatida raqobatga tayyor. Kongoga qarshi g‘alaba, Kolumbiyadan ochko olish va Portugaliyaga qarshi o‘yinda katta hisobda mag‘lub bo‘lmaslik orqali Kannavaro shogirdlari o‘z tarixidagi ilk mundialni pley-off bilan davom ettirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.