
“Manchester Siti”da o‘tgan murakkab va bosimli mavsumlardan so‘ng “Everton”ga ko‘chib o‘tishi bilan o‘z o‘yinini qayta topgan Jek Grilish Angliya Premer-ligasida texnik jihatdan eng kuchli futbolchi kim ekani haqida fikr bildirdi. Uning bu boradagi tanlovi ko‘pchilikni hayratga solishi mumkin.
Angliyalik yarim himoyachi o‘z jamoadoshi — senegallik Ilimana Ndiayening individual mahoratini alohida e’tirof etdi. Grilishning ta’kidlashicha, agar sof texnika, ya’ni to‘p bilan ishlash, maydonda erkin harakatlanish va raqibni aldash qobiliyati haqida so‘z borsa, Ndiaye Premer-ligada tengsiz.
— Ndiaye — ligadagi texnikasi eng yuqori darajada bo‘lgan futbolchi. Agar gap aynan sof mahorat haqida ketsa, men uchun bu masalada shubha yo‘q, — dedi Grilish Goal nashriga bergan intervyusida.
Shu bilan birga, u “Arsenal”ning yetakchilaridan biri Bukayo Saka haqida ham fikr bildirib o‘tdi. Grilishning aytishicha, Saka juda yuqori darajadagi ijrochi, dunyo miqyosidagi eng kuchli vingerlardan biri hisoblanadi. Biroq, uning o‘yini ko‘proq samaradorlik va harakatga qurilgan bo‘lib, texnika borasida Ndiayedan ortda qoladi.
Joriy mavsumda Ilimana Ndiaye barcha musobaqalarda 18 ta uchrashuvda ishtirok etib, 4 ta gol urish va 2 ta golli uzatma berishga muvaffaq bo‘ldi. Uning maydondagi erkinligi, to‘pni nazorat qilishdagi ishonchli harakatlari va kutilmagan fintlari “Everton” o‘yiniga yangi rang qo‘shmoqda.
Grilishning bu bayonoti Premer-ligada texnika va samaradorlik o‘rtasidagi farq haqida yana bir bor muhokamalarni kuchaytirdi. Aytish mumkinki, Ndiaye nafaqat jamoasi, balki butun liga uchun ham tobora qiziqarli va xavfli futbolchiga aylanib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.