
Angliya Premer-ligasining 17-turidan o‘rin olgan bahsda "Manchester Siti" o‘z maydonida "Vest Xem"ni ishonchli va yirik 3:0 hisobida mag‘lub etib, navbatdagi muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvning ilk daqiqalaridanoq “shaharliklar” yuqori sur’atda o‘ynashga kirishdi. Bu bosim o‘z samarasini juda erta berdi: 5-daqiqada Erling Xoland raqib himoyasidagi bo‘shliqdan ustalik bilan foydalanib, hisobni ochdi. Bu gol maydon egalarining o‘yindagi ustunligini yanada mustahkamladi.
Birinchi taym o‘rtalarga borgan sari “Siti”ning hujumlari yanada xavfli tus oldi. 38-daqiqada Reynders jamoaviy kombinatsiyani aniq zarba bilan yakunlab, hisobdagi farqni ikkitaga yetkazdi. Tanaffusga jamoalar aynan shu hisob bilan yo‘l oldi.
Ikkinchi bo‘limda ham o‘yin manzarasi o‘zgarmadi. “Manchester Siti” to‘pni nazorat qilgan holda raqibni bosim ostida ushlab turdi. 69-daqiqada Xoland yana bir bor o‘z so‘zini aytdi — norvegiyalik to‘purar dubl qayd etib, uchrashuv taqdirini amalda hal qildi.
Ushbu bellashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov ham maydonga tushdi. U 67-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, Premer-liga bahsida navbatdagi tajribasini orttirdi.
Manchester Siti — Vest Hem 3:0
Gollar: Holand (5, 69), Reynders (38).
Manchester Siti — Donnarumma, Nunesh, Diash, Gvardiol, O’Rayli, Silva (Mukasa, 75), Niko (Husanov, 67), Reynders (Lyuis, 67), Sherki (Savinio, 67), Foden, Holand.
Vest Hem — Areolya, Uoker-Peters, Kilman, Todibo, Fernandesh (Rodriges, 79), Potts (Uilson, 79), Magassa, Skarlz (Mayers, 64), Paketa (Souchek, 78), Sammervill (Mavropanos, 79), Bouen.
Ogohlantirishlar: Niko (28), Bouen (41).
Natijada “shaharliklar” ochkolar sonini 37 taga yetkazib, turnir jadvalida peshqadamlikni saqlab qoldi. Jamoa hozirgi forma va ishonchli o‘yini bilan chempionlik poygasida asosiy da’vogarlardan biri ekanini yana bir bor namoyon qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.