
«PSJ» yarimhimoyachisi Xvicha Kvaratsxeliya 2025 yil yakunlariga ko‘ra Gruziyada yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etildi. 24 yoshli iqtidor egasi ushbu sovrinni ketma-ket yuqori saviyadagi o‘yinlari ortidan beshinchi bor qo‘lga kiritib, o‘z nomi atrofidagi muhokamalarni yanada kuchaytirdi.
Qayd etish joiz, Kvaratsxeliya avvalroq ham bu mukofotga bir necha bor loyiq ko‘rilgan. U 2020 va 2021-yillarda Qozonning «Rubin» klubi safida to‘p surgan davrida, 2022 hamda 2023-yillarda esa Italiyaning «Napoli» jamoasidagi yorqin chiqishlari orqali Gruziyaning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan edi. 2025 yilda esa Parijda namoyon etayotgan barqaror va samarali o‘yini uni yana eng yuqori pog‘onaga olib chiqdi.
Shu tariqa, Xvicha ushbu sovrinlar soni bo‘yicha gruzin futboli afsonasi — Kaxa Kaladze rekordini takrorladi. Kaladze o‘z vaqtida 2001, 2002, 2003, 2006 va 2011-yillarda besh bor mamlakatning eng yaxshi futbolchisi deb tan olingan edi. Endi esa Kvaratsxeliya ham ushbu nufuzli natijaga yetib, gruzin futboli tarixida alohida o‘rin egalladi.
Eslatib o‘tish kerak, 2024 yilda Gruziyaning eng yaxshi futbolchisi unvoni hozirda «Liverpul» sharafini himoya qilayotgan darvozabon Georgi Mamardashviliga nasib etgan edi.
Mutaxassislar fikricha, Kvaratsxeliyaning hozirgi forma va o‘sish sur’ati uni nafaqat milliy miqyosda, balki Yevropa futbolida ham eng yorqin yulduzlardan biri sifatida uzoq yillar davomida saqlab qolishi mumkin. Qisqasi, Xvicha to‘xtash niyatida emas — u hali oldinda yana ko‘p rekordlar borligini yaxshi biladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.