Ravshan Haydarovning ishonchi baland: U23 Osiyo kubogiga to‘liq tayyormiz

U23 Osiyo kubogi 1-tur o‘yinlari oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston U23 terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov hamda futbolchimiz Saidumarxon Saidnurullayev ishtirok etib, musobaqa oldidan kayfiyat, tayyorgarlik va guruhdagi raqiblar haqida fikr bildirdi.
Ravshan Haydarov anjumanni salomlashuv bilan boshlab, avvalo musobaqa tashkiliy darajada yuqori saviyada o‘tayotganini ta’kidladi.
— Assalomu alaykum. Avvalambor, mana shu musobaqada ishtirok etayotganimizdan xursandmiz. Tashkiliy tomondan barchasi ajoyib. OFK hamda mahalliy tashkiliy qo‘mitaga minnatdorchilik bildiraman. Barcha jamoalarga omad tilayman, — dedi murabbiy.
Haydarovning so‘zlarida yana bir muhim jihat bor edi: u bu turnirni jamoa uchun katta qadrga ega musobaqa sifatida ko‘rsatdi. Aytishicha, O‘zbekiston U23 termasi bu maydonda doim yaxshi natijalar qayd etib kelgan, shu bois navbatdagi ishtirokdan ham umidlar katta.
— Biz bu musobaqani yaxshi ko‘ramiz va hurmat qilamiz. Bu turnirda reytingimiz baland. Har doim yuqori natijalarga erishib kelamiz. O‘ylayman, bu gal ham munosib ishtirok etib, yaxshi ko‘rsatkich qayd etamiz, — dedi u.
Guruhdagi raqiblar haqida gap ketganda esa, murabbiy “oson yo‘l” yo‘qligini yashirmadi. U guruhda kuchli jamoalar to‘planganini, ularning tajribasi va imkoniyatlari yaxshi o‘rganilganini aytdi. Shunga qaramay, Haydarov o‘z shogirdlariga ishonishini ochiq bildirdi.
— Albatta, guruhimizda kuchli jamoalar yig‘ilgan. Ular qanday futbol o‘ynashini, imkoniyatlarini bilamiz. Biz yosh tarkib bilan qatnashyapmiz, lekin men jamoamizga ishonaman. Futbolchilar bilan suhbatda ham aytdim: bu turnir ular uchun katta “ko‘prik” vazifasini o‘taydi, — dedi bosh murabbiy.
Matbuot anjumanida so‘z olgan Saidumarxon Saidnurullayev ham tayyorgarlik jarayoni va jamoa ichki muhiti haqida to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, yig‘inlar reja asosida o‘tgan va jamoa musobaqaga ruhan ham, jismonan ham tayyor.
— Tayyorgarlik yaxshi bo‘ldi. Dastlab Toshkentda, keyin Qatarda yig‘in o‘tkazdik. Adaptatsiya yetarli darajada o‘tdi. Asosiy maqsadimiz — musobaqada munosib qatnashib, yuqori natija ko‘rsatish, — dedi futbolchi.
Ichki muhit haqidagi savolga esa u qisqa, lekin ishonchli javob berdi: jamoada kayfiyat yuqori, hamma bir maqsad atrofida jips.
— Ichki muhit ajoyib. Hamma yaxshi kayfiyatda. Oldimizda qanday turnir turganini yaxshi tushunamiz. Jamoamiz musobaqaga 100 foiz tayyor, — deya ta’kidladi Saidnurullayev.
Xulosa shu: U23 termasi turnir oldidan o‘zini ishonchli his qilayapti. Raqiblar kuchli, bosim katta, lekin tayyorgarlik bor, ichki muhit bor, eng muhimi — maqsad aniq. Endi barchasi maydonda isbotlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!